Meni ancha vaqtdan beri qiynayotgan bir savol bor edi.Menda tahorat qilish jarayonida va jumladan tahorat qilib tugatganimdan keyin endi namoz o’qishni boshlamoqchi bo’lib turgan paytim xuddi yel chiqqandek va xuddi peshob tomchilagandek tuyulaveradi. Keyin yana qayta tahorat qilishga majbur bo’lib qolaman. Iltimos shunga batafsil javob yozib qoldirsangiz
Bismillahir Rohmanir Rohim. Ibodat paytida go'yo el chiqqandek bo'lishi yoki bavl (siydik) tomchilagandek tuюlishi vasvasa, deyiladi va u shaytonning mo'minlarga etkazadigan aziyatidir. Shu bilan shayton mo'minga dunyo va oxirat saodati bo'lgan namozni og'ir va mashaqqatli ish qilib ko'rsatadi. Agar namozda yoki tahoratda el chiqqanini aniq bilmasangiz, ovozi eshitilmasa, hidi bilinmasa, unga e'tibor qilinmaydi. Vasvasaning muolajasi uch engil ishni amalga oshirish bilan bo'ladi:
🔹 Vasvasaga e'tibor qilmaslik; 🔹 Shaytonning yomonligidan Alloh taolodan panoh so'rash; 🔹 Allohning zikrida bardavom bo'lish.
Vasvasaga e'tibor qilmaslik – tahorat qilib namozga kirishish, keyin xayolga kelgan el chiqqandek va bavl tomchilagandek bo'lishini vasvasaga yo'yib tahorat va namozda bardavom bo'lishdir. Zotan, Nabiy sollallohu alayhi vasallam vasvasaga tushgan kishiga shunday deganlar:
يَأْتِي الشَّيْطَانُ أَحَدَكُمْ فَيَقُولُ مَنْ خَلَقَ كَذَا مَنْ خَلَقَ كَذَا حَتَّى يَقُولَ مَنْ خَلَقَ رَبَّكَ فَإِذَا بَلَغَهُ فَلْيَسْتَعِذْ بِاللَّهِ وَلْيَنْتَهِ (رواه الامام البخاري عن أَبي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ)
Ya'ni: “Shayton biringizning yoniga kelib, falon narsani kim yaratgan, falon narsani kim yaratgan deydi. Hatto Rabbingni kim yaratgan, deyishgacha boradi. Shu joyga etganda, Allohdan panoh so'rang va to'xtang” (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Ibn Hajar Xaytamiy rahimahullohdan vasvasaning davosi haqida so'ralganda u zot shunday javob qilganlar: “Vasvasaning eng yaxshi davosi unga e'tibor qilmaslikdir. Vasvasaga quloq tutish uni ziyodalashtiradi. Hatto kishi oxir-oqibat majnunlar qatoriga qo'shilib qolganiga ham guvoh bo'ldik”.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: vasvasaning davosida “Allohdan panoh so'rang va to'xtang” dedilar. Vasvasadan aziyat chekayotgan kishi mana shu nabaviy ko'rsatmaga amal qilishi kerak. Chunki vasvasa shaytondandir. Shaytonning maqsadi mo'minni adashtirish, arosatda qoldirish, mashaqqatga solish va oxir oqibat dindan chiqarishdir. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday deydi:
إِنَّ الشَّيْطَانَ لَكُمْ عَدُوٌّ فَاتَّخِذُوهُ عَدُوًّا إِنَّمَا يَدْعُو حِزْبَهُ لِيَكُونُوا مِنْ أَصْحَابِ السَّعِيرِ
Ya'ni: “Albatta, shayton sizlarga dushmandir, bas, uni dushman tutingiz! U o'z firqasini (o'ziga ergashganlarni) do'zax ahli bo'lishga da'vat qilur” (Fotir surasi, 6-oyat).
Imom Navaviy ba'zi ulamolardan naql qiladilarki, namoz va tahoratda vasvasaga chalingan kishi “La ilaha illalloh”ni ko'paytirishi mustahabdur. Chunki Allohni zikr qilinganda shayton ortga qochadi. Bir so'z bilan aytganda vasvasaning eng foydali muolajasi Allohga юzlanish va uni tinimsiz zikr qilishdir (“Al-Fatovo al-fiqhiyya al-kubro” kitobi). Vallohu a'lam.