Assalomu alaykum! Qaynonamlar bundan ikki yil avval vafot etganlar. Biz oilada besh o‘g‘il, bir qiz farzandmiz. Qaynonam hayotlik vaqtlarida mening turmush o‘rtog‘im tilla uzuk olib bergan edilar. Qaynonam vafotlaridan oldin shu uzuk bilan yana bir uzukni yuvg‘ich ayollarga berasizlar deb vasiyat qilgan ekanlar. Vafotlaridan keyin qaynopam bu uzukni bizga qaytarib berdilar. Bu uzukning hukmi qanday bo‘ladi? Oradan ikki yil o‘tdi. Bu vasiyatlardan bizning xabarimiz yo‘q edi, yaqinda bildik. Endi bu uzukni nima qilishimiz kerak?
Va alaykum assalom. Agar o‘sha ikki uzukning qiymati qaynonangizning vafotidan keyin qolgan jami merosining uchdan bir qismidan kam bo‘lsa, bu vasiyatni bajarish barcha merosxo‘rlarga vojibdir. Agar uzuklarning qiymati 1/3 dan oshsa, ortiqcha qismi faqatgina barcha merosxo‘rlar rozi bo‘lsagina beriladi, aks holda faqat 1/3 miqdorichasi bajariladi.
Garchi oradan ikki yil o‘tgan bo‘lsa ham, barcha merosxo‘rlar yig‘ilib, o‘sha ikki uzukning qiymatini marhumaning umumiy merosiga nisbatan aniqlashlari kerak. Agar uzuklar 1/3 dan kam bo‘lsa, sizlardagi uzukni va ikkinchi uzukni topish yoki uning qiymatini olib, o‘sha yuvg‘uvchi ayollarga berish shart. Vallohu a’lam.