Yetimlar va ularning onasi o‘rtasida meros taqsimlangan, lekin ular birga yashashadi. Shunda ona bolalarning pullaridan qaytarib qo‘yish sharti bilan foydalanib turishi, gohida tijoratga ishlatishi joizmi? Ona yetimlarga vasiy qilib qo‘yilgan.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Dinimizda yetim deb otasi vafot etgan voyaga yetmagan bolaga aytiladi. Voyaga yetib, balog‘at yoshiga kirsa, yetimlikdan chiqadi.
Ota vafotidan avval yetimlarga vasiy tayinlagan bo‘lsa (u qarindosh ham, begona ham bo‘lishi mumkin), o‘sha kishi, vasiy bo‘lmasa bobo merosni haqdorlarga shariatimizga muvofiq taqsimlab beradi va yetimga tekkan ulush hisobidan uni parvarishlab turadi. Agar bobo bo‘lmasa, amaki yoki ona ham vasiylik qila oladi. Vasiy yoki yuqorida sanalgan qarindoshlar yetimlarning molini asrab, balog‘atga yetgach molning qolgan qismini ularga topshiradilar. Bu ishni adolat bilan bajarsalar ulkan savob, agar yetimni moliga xiyonat qilsalar, nohaq ishlatsalar qattiq gunohkor bo‘ladilar.
Bu haqda Alloh taolo shunday aytadi:
إِنَّ الَّذِينَ يَأْكُلُونَ أَمْوَالَ الْيَتَامَى ظُلْمًا إِنَّمَا يَأْكُلُونَ فِي بُطُونِهِمْ نَارًا وَسَيَصْلَوْنَ سَعِيرًا
“Yetimlarning mollarini zulm yo‘li bilan yeydigan kimsalar hech shak-shubhasiz, qorinlariga olovni yegan bo‘lurlar. Va, albatta, do‘zaxga kirajaklar!” (Niso surasi, 10-oyat).
Yetimlarning mollarini nohaq yeydigan kimsalar aslida olov yegan bo‘lib, qiyomat kuni qorinlarida alangalanib turadi.
Yetim bolaga qarab turgan vasiy agar muhtoj bo‘lsa, yetimning molidan hojati miqdoricha olib turishi mumkin.
وَابْتَلُواْ الْيَتَامَى حَتَّىَ إِذَا بَلَغُواْ النِّكَاحَ فَإِنْ آنَسْتُم مِّنْهُمْ رُشْدًا فَادْفَعُواْ إِلَيْهِمْ أَمْوَالَهُمْ وَلاَ تَأْكُلُوهَا إِسْرَافًا وَبِدَارًا أَن يَكْبَرُواْ وَمَن كَانَ غَنِيًّا فَلْيَسْتَعْفِفْ وَمَن كَانَ فَقِيرًا فَلْيَأْكُلْ بِالْمَعْرُوفِ فَإِذَا دَفَعْتُمْ إِلَيْهِمْ أَمْوَالَهُمْ فَأَشْهِدُواْ عَلَيْهِمْ وَكَفَى بِاللّهِ حَسِيبًا.
“U mollarni isrof qilib va (egalari) katta bo‘lib qolmasin, deb shoshilib yeb qo‘ymanglar. (Yetimni o‘z qaramog‘iga olgan) kishi agar boy bo‘lsa, (yetimning molidan) parhez qilsin, kambag‘al bo‘lsa, yaxshilik bilan (ya’ni, qilgan xizmatiga yarasha) olib yesin” (Niso surasi, 6-oyat).
Ulamolar: “Yetimga vasiy bo‘lgan kishi yetimning molidan yaxshilikdan (ya’ni zaruratdan) ortiqchasini yeyish harom bo‘ladi”, deganlar.
Imomo Roziy rahmatullohi alayh “Tafsiri Kabir” kitobida vasiylar yetimning molidan yaxshilik bilan yeyish haqidagi ikki xil qarashni keltirganlar:
عمرو بن شعيب عن أبيه عن جده: أن النبيَّ صلى الله عليه وسلم خطَب الناس فقال: ((ألا من وَلِيَ يتيمًا له مال، فليتَّجر فيه، ولا يترُكْه حتى تأكله الصدقة
Amr ibn Shuayb raziyallohu anhu otasidan ota bobosidan qilgan rivoyatda: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam odamlarga xutba qilib: “Ogoh bo‘linglar! Kim yetimga valiy bo‘lsa va u(yetim)ning moli bo‘lsa, u ila tijorat qilsin, uni to sadaqa yeb bitirguncha tark etib qo‘ymasin”, dedilar”. (Termiziy rivoyat qilgan)
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yetim bolalarga valiy bo‘lgan musulmonlarga tadbirli bo‘lish, o‘zi tasarruf qilishga qodir bo‘lmagan kishining puli bo‘lsa ham, u pulni behuda saqlab turmay, ishlatib-ko‘paytirish payidan bo‘lish maslahatini bermoqdalar. Vasiylar yetimlarning molini tijorat va boshqa yo‘llar bilan ko‘paytirganidan so‘ng foydadan hizmat haqqi sifatida olishlari ham mumkin. Lekin, vasiy o‘z molini ko‘paytirish, vasiylik vakolatidan foydalanib yetimlarning mollarini o‘zi xohlaganday tasarruf qilishlari to‘g‘ri bo‘lmaydi. Bu haqida fiqhiy manbaalarda shunday deyiladi:
وَلَا يَجُوزُ لِلْوَصِيِّ أَنْ يَتَّجِرَ لِنَفْسِهِ بِمَالِ الْيَتِيمِ أَوْ الْمَيِّتِ فَإِنْ فَعَلَ وَرَبِحَ يَضْمَنُ رَأْسَ الْمَالِ وَيَتَصَدَّقُ بِالرِّبْحِ فِي قَوْلِ أَبِي حَنِيفَةَ وَمُحَمَّدٍ رَحِمَهُمَا اللَّهُ تَعَالَى
Vasiy yetim yoki mayyitning moli bilan o‘zining foydasi uchun tijorat qilishi joiz emas. Agar shunday qilsa va foyda ko‘rsa Abu Hanifa va imom Muhammad rahmatullohi alayhlarning mazhablariga ko‘ra foydani sadaqa qiladi va tijoratga tikilgan molni to‘lab beradi (Fatavoi Hindiya).
Demak, vasiylar o‘zi foyda ko‘rish maqsadida emas, balki yetimlarning molini ko‘paytirish maqsadida tijorat qilishlari mumkin. Ammo buning aksi bo‘lsa bu ish joiz bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.