VASILA HAQIDA

ID: 3169

10.10.2025

91

Savol:

Assalomu alaykum ustoz, men yaqinda vasila qilish haqida eshitib qoldim. Imom Buxoriy rivoyat qilib bergan ekan, Madinaga kelib bir odam qatiq yoqmaganini gapirganda Paygʻambarimiz Muhammad Alayhissalom tushlariga kirib ket bu yerdan deganlarida oʻsha inson Hamza Roziyallohu anhuning qabrlariga borib vasila qilgan ekanlar. Hozir biz ham gunohlarimiz kechirilishi yoki shu kabi savol javoblar uchun valiyullohlarni qabrini ziyorat qilib ular orqali vasila qilsak boʻladimi va bu qanday boʻladi?

Javob:

Siz keltirgan rivoyat, ya’ni Madina qatig‘ini yoqtirmagan kishining tushida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib, so‘ngra Hamza roziyallohu anhuning qabrlariga borib vasila qilgani haqidagi qissa, mo‘’tabar hadis to‘plamlarida va ishonchli tarixiy manbalarimizda uchramaydi. Shunga qaramay, "vasila" tushunchasining o‘zi shariatimizda mavjud bo‘lib, uning ma’nosini va hukmlarini to‘g‘ri anglash muhimdir.

Vasila bu – Allohning ism va sifatlari, Payg‘ambarlar, sahobalar va solih bandalar, shuningdek yaxshi amallarni vosita qilib Alloh taologa duo qilishdir. Bu ish ahli sunna val-jamoa e’tiqodiga ko‘ra, joiz amal hisoblanadi. Hozirgi kunda ba’zi insonlar bilimsizlik bilan Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam yoki solih insonlarni duosida vasila qilayotganlarni kofirga chiqarib, ularga “mushrik” nomini tamg‘a qilib qo‘ymoqdalar. Ahli sunna ulamolari o‘z asarlarida vasila qilishning joiz ekaniga oyat va hadislardan qator dalillarni keltirishgan. Jumladan, Alloh taolo Qur’oni karimda mo‘min insonlarni vasila qilishga amr qilib shunday deydi: يَاأَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا اتَّقُوا اللَّهَ وَابْتَغُوا إِلَيْهِ الْوَسِيلَةَ ya’ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohdan qo‘rqingiz va Unga vasila (vosita) izlangiz” (Moida surasi, 35-oyat). Ushbu oyatda Alloh taolo insonlarga O‘ziga vasila izlashlarini buyurmoqda. Tafsir kitoblarida vasilani Allohning ism va sifatlari, yaxshi amallar, payg‘ambarlar va solih bandalar ekani aytilgan. Usmon ibn Hanif raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Bir ko‘zi ojiz kishi Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Allohga duo qiling, menga shifo bersin”, dedi. “Xohlasang duo qilaman. Xohlasang sabr qil. Bu sen uchun yaxshidir”, – dedilar”. “Duo qiling”, – dedi. Uni yaxshilab tahorat qilishga va ushbu duoni o‘qishga amr qildilar: “Allohim! Albatta, men Muhammad – rahmat Payg‘ambari ila Sendan so‘rayman va Senga yuzlanaman. Ey Muhammad! Albatta, ushbu hojatim ravo bo‘lishi uchun Robbimga sizni vasila qilib yuzlandim. Allohim! U Zotning men haqimdagi shafoatini qabul qil”. Shundan so‘ng uning ko‘zi ochilgan holda qaytib ketdi (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari). Ushbu rivoyatda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ko‘zi ojiz insonga duo qilayotganda Payg‘ambarni vasila qilib so‘rashni o‘rgatdilar. Shunga binoan, insonlar duolarida Rasululloh sallallohu alayhi vasallamni o‘rtaga qo‘yib hojatlarini so‘rashlari mana shu hadisga muvofiq bo‘ladi. Manbalarda sahobalarning ham vasila qilganlari keltiriladi. Bu borada Hazrati Umarning qurg‘oqchilik vaqtida qilgan quyidagi vasilalari juda mashhurdir. Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Xattob roziyallohu anhu qurg‘oqchilik vaqtida Abbos ibn Abdulmuttalib ila Allohdan suv so‘rab quyidagicha duo qilar edi: “Ey Allohim! Biz Senga Payg‘ambarimiz ila vasila qilar edik va Sen bizni suv bilan serob qilar eding. Endi biz Senga Payg‘ambarimiz amakisini vasila qilamiz. Bizni suv bilan serob qilgin”. Natijada ular suv bilan serob qilinar edilar (Imom Buxoriy rivoyatlari). Ahli sunnaning to‘rt mazhab ulamolari tomonidan vasila qilishning joiz ekanligi, uning turlari hamda mumkin bo‘lmagan tavassul masalasini keng yoritib berganlar. Jumladan, bir qator hanafiy, molikiy, shofiiy va hanbaliy olimlar bu borada asarlar yozgan. Shuni alohida ta’kidlash joizki, vasila qiluvchi inson duosida haqiqiy yaratuvchi, duolarni ijobat qiluvchi Zot faqat Alloh taolo ekaniga e’tiqod qilishi lozim. Shar’an joiz bo‘lgan vasiyla “Ey Allohim! Men Sendan falon yaxshi amalim yoki falon insonning sening huzuringdagi hurmati ila so‘rayman” shaklida bo‘ladi. Aksincha, qabrlarni ziyorat qilish chog‘ida ba’zi ilmsiz insonlarning qabrlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri sajda qilishlari, “Ey falonchi menga farzand ber!” yoki “Ey falonchi meni hojatimni chiqar!”, – deb so‘rashlari shariatimizga mutlaqo zid amal hisoblanadi. Shuning uchun ham musulmon kishi qabr ziyorati hamda ulug‘larni vasila qilishni shariatga muvofiq amalga oshirmog‘i lozim bo‘ladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar