Assalomu alaykum. Variantga (ya’ni, bo‘lib to‘lash sharti bilan) mashina olmoqchi edim, 1 yilda to‘lashga. Mashina mani nomimga to‘lab bo‘lganimdan keyingina o‘tadi. Shunda manga biron nima bo‘lsa qarzdor holat hisoblanamanmi?
Fiqhga ko‘ra, bo‘lib to‘lash sharti bilan (xalq tilida – variantga) mashina sotib olingan holatda, savdo bitimi tuzilgan vaqtdayoq xaridor shar’an mulkdorga aylanadi va uning zimmasiga sotuvchi oldida to‘liq qarz majburiyati yuklanadi. Sotuvchining, to‘lov to‘liq amalga oshirilmaguncha mashina hujjatlarini o‘zida ushlab turishi, bunga ta’sir o‘tkazmaydi.
Shunga ko‘ra, agar xaridor to‘lovni tugatmasdan vafot etsa, u sotuvchidan qarzdor holatda vafot etgan hisoblanadi. Bu qarz uning qoldirgan mol-mulkidan merosxo‘rlar o‘rtasida taqsimlanishdan avval to‘liq ado etilishi shart. Xaridorga tegishli bo‘lgan ushbu mashina ham uning merosi tarkibiga kiradi va qarzni uzish uchun ishlatilishi mumkin.