VAKSINA OLISHNING HUKMI QANDAY?

ID: 456

04.04.2025

12

Savol:

Hozirgi kunda hamma joyda vaksina olishga targ‘ibot ketmoqda. Dinimiz bunga qanday munosabat bildiradi? Vaksina olishning hukmi qanday?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Ma’lumki, sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassislari qariyb ikki yillik kuzatishlar va izlanishlardan keyin koronavirus – covid-19 kasalligidan saqlanishning eng samarali vositasi vaksina olish ekani to‘g‘risida xulosaga keldilar.

Dinimizda insonning joni, e’tiqodi, aqli, moli va obro‘sini saqlash muhim ko‘rsatmalardir. Mana shu jihatlarga zarar yetadigan holatlarda shariatimiz zararni daf qilish sabablarini qo‘llashga buyuradi. Shunday ekan vaktsina olish zarurati bir necha jihatlar bilan ta’kidlanadi.

Birinchidan, dinimiz ko‘rsatmalariga ko‘ra, Alloh taolo har bir dardning shifosini ham bergan. Bu haqida Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar:

ما أنزلَ اللهُ داءً إلَّا أنزلَ له شِفاءً أخرجه البخاري

“Alloh taolo har bir kasallikka shifosini tushirgandir” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Boshqa hadisda shunday bayon qilinadi:

قالَتِ الأعرابُ: يا رسولَ الله، ألَا نتداوَى؟ قال: نَعمْ، يا عبادَ اللهِ تداوَوْا؛ فإنَّ اللهَ لم يَضَعْ داءً إلَّا وضَعَ له شفاءً (رواه الإمام البخاري عن أُسامةَ بنِ شَريكٍ رَضِيَ اللَّهُ عنه)

Payg‘ambarimiz alayhissalomdan a’robiylar: “Ey, Allohning Rasuli, davolanaylikmi?”, deb so‘rashdi. U Zot alayhissalom: “Ha, ey, Allohning bandalari, davolaninglar. Chunki Alloh har bir kasallikka davo yaratgandir”, dedilar.  (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Ikkinchidan, ba’zi kishilar kasal emasligini ro‘kach qilib, vaktsina olishga beparvo bo‘ladilar, vaholanki shariatimizda bemorlikdan avval undan saqlanishga buyurilgan. Bu haqida ulamolarimiz shunday deganlar:

الوقاية خير من العلاج

“Kasallikdan saqlanish uni davolashdan yaxshiroqdir” (“Al-Fiqhul islomiy va adillatuhu” kitobi).

Demak, bemor bo‘lmagan kimsalar ham kasallik tegishining oldini olishi va shunga sabab bo‘ladigan muolajalarni qilishi dinimiz talabidir.

Uchinchidan, dinimizdagi asosiy qoidalardan biri o‘ziga ham o‘zgaga ham zarar bermaslikdir. Bu haqida Abu Sa’id al-Xudriy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam:

:عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه: أن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال لا ضرر ولا ضرار (رواه الإمام ابن ماجة)

“Zarar berish ham, zarar ko‘rish ham yo‘q”, deganlar (Imom Ibn Moja rivoyatlari).

Demak, vaktsinani olishimiz birinchi navbatda o‘zimizning sog‘ligimiz, qolaversa, yaqinlarimizning sog‘ligini saqlashga sabab bo‘ladi.

Xulosa shuki, hozirgi kunda davlatimiz tomonidan fuqarolarimizga yetkazib berilayotgan vaktsinalarni olishimizga dinimiz ruxsat beradi. Emlanish shar’an joiz, chunki bu davolanishning bir ko‘rinishidir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar