Vakillik yo‘li bilan qurbonlik qilsa bo‘ladimi? O‘zi bo‘lmagan shaharda vakil orqali qurbonlik qilish joizmi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Qurbonlik vojib bo‘lgan kishi imkon qadar o‘zi qurbonlik qilgani afzal. Safardaligi yoki bemorligi sababli buning iloji bo‘lmasa, qo‘y topa oladigan biror kishini topib, uni sotib olish va qurbonlik qilishga vakil qilishi mumkin. Bunda vakil qilingan kishi musulmon bo‘lishi shart hisoblanadi.
Agar bir kishi boshqa odamni qurbonlikka vakil qilsa, jonivorni sotib olish va so‘yish vaqtida vakil qurbonlikni niyat qilishi kifoya qiladi. Sotib olishda narxi kelishilsa kifoya, pulini nasiya ham qilish mumkin. Telefon yoki biror vosita orqali biror kishini “meni nomimdan qurbonlik qilgin” deb vakil qilsa, vakilning qurbonligi uning nomidan o‘tadi.
"Vakil jonliq sotib olib, uni qurbonlik qilayotgan kishining nomidan so‘yishi kerak bo‘ladi. Agar jonliqni sotib olsayu, vakil qiluvchining nomidan uni sadaqa qilib yuborsa yoki qiymatini miskinlarga tarqatib yuborsa, vakil qiluvchining zimmasidan qurbonlik soqit bo‘lmaydi. Chunki qurbonlikdan ko‘zlangan maqsad Alloh yo‘lida jonliq qonini oqizishdir. Shunday ekan, undan boshqa savobli amal qurbonlikning o‘rniga o‘tmaydi” (Alloma Alouddin Kosoniy, “Badoi’us sanoi’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.