Men bir haftalik farzandimdan ayrildim, lekin aqiqa qilolmadim. Qiz farzandga bitta qo‘y so‘yiladi, deyilgan. Niyat qilganman. Shuni qilsam, ya’ni aqiqa qilib qo‘y so‘yilsa, joizmi yoki shu qo‘yning pulini xayr qilsam to‘g‘rimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Alloh taolo farzandingiz o‘rnini solih zurriyodlar bilan to‘ldirsin. Sizlarga go‘zal sabr bersin. Aqiqa qilish mustahab amal sanaladi, vojib emas. Agar aqiqa qilishni niyat qilgan bo‘lsangiz, niyatni o‘zi bilan zimmangizga aqiqa qilish lozim bo‘lib qolmaydi. Siz aqiqa uchun yig‘gan pulni o‘z ehtiyojingiz uchun sarflashingiz yoki ehson qilishingiz mumkin. Xususan yaqinlashib kelayotgan Qurbon hayiti kuni qurbonlik qilsangiz yanada savobi ulug‘roq bo‘ladi.
Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar:
«مَا عَمِلَ ابْنُ آدَمَ يَوْمَ النَّحْرِ، عَمَلًا أَحَبَّ إلَى اللَّهِ، مِنْ هِرَاقَةِ دَمٍ، وَإِنَّهُ لَتَأْتِي يَوْمَ الْقِيَامَةِ، بِقُرُونِهَا وَأَظْلَافِهَا وَأَشْعَارِهَا، وَأَنَّ الدَّمَ لَيَقَعُ مِنْ اللَّهِ عَزَّ وَجَلَّ، بِمَكَانٍ قَبْلَ أَنْ يَقَعَ عَلَى الْأَرْضِ، فَطِيبُوا بِهَا نَفْسًا (رواه الإمام الترمذي والإمام ابن ماجة عن عائشة رضي الله عنها)
ya’ni: “Qurbonlik kuni Odam bolasi qon chiqarishidan ko‘ra Alloh taologa mahbubroq amal qila olmaydi. Qurbonlikka so‘yilgan jonivor Qiyomat kuni o‘z shoxi, tuyog‘i va yunglari bilan keladi. Qurbonlik qoni yerga tushishidan avval Alloh taoloning huzurida xos maqomga ega bo‘ladi. Shuning uchun mamnuniyat ila qurbonlik qilinglar” (Imom Termiziy, Imom Ibn Moja rivoyat qilishgan). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.