Dayus deb kimga aytiladi? Shariatimizda bu haqida nima deyilgan?
Bismillahir rohmanir rohiym.
“Al-mavsu’atul –fiqhiyya” kitobida xulosa qilib: “Faqihlarning istilohi bo‘yicha "dayus" so‘zi bir-biriga yaqin ma’nolarda ta’riflanib, xotini va mahramlarini nomahramlardan qizg‘anmaydigan, rashk qilmaydigan ma’nosida qo‘llangan”, – deyiladi.
Hofiz Ibn Hajar rahimahulloh “Fathul boriy” nomli kitobida shunday deganlar: “Ibrohiym al-Harbiy: “Dayus – erkaklarni ayolining oldiga kirishiga yo‘l qo‘ygan kishidir”, – deganlar”.
Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar:
ثلاث لا يدخلون الجنة، ولا ينظر الله إليهم يوم القيامة: العاق بوالديه ، والمرأة المترجلة – المتشبهة بالرجال -، والديوث ، وثلاثة لا ينظر الله إليهم يوم القيامة: العاق بوالديه والمدمن الخمر، والمنان بما أعطى ( أخرجه الامام أحمد )
ya’ni: “Uch toifa kishilar jannatga kirmaydi va Alloh taolo qiyomat kunida ularga qaramaydi: ota-onasiga oq bo‘lgan kishi, erkaklarga o‘xshashga uringan ayol va dayus kishi. Yana uch kishiga Alloh qiyomat kunida nazar qilmaydi: ota-onasiga oq bo‘lgan kishi, doimiy mast qiluvchi ichimliklar ichuvchi, berganini ko‘p minnat qiluvchi.” (Imom Ahmad rivoyatlari). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.