HAYZDA

ID: 13341

14.06.2026

281

Savol:

Men nopok vaqtlarimda kitob o'qiyman. Va yaqinda Imom Buxoriy xazratlarini hayotlari haqida bir kitob o'qidim. Kitobda hadis va qurondan oyatlar yo'q edi ya'ni hayz xolatida o'qisam bo'lar deb o'ylagandim. Lekin kitob oxiriga kelib 2 dona oyat borligi ya'ni arab tilida emasu tafsiri bor ekan. Savolim kitobni oyatni tashlab ketib o'qishda davom etsam bo'ladimi yoki o'qimaganim ma'qulmi va kitobni hayz xolida ushlaganim uchun gunoxkor bo'lib qolmaymani.Javob uchun raxmat

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. Qur'oni karim kitobi – mushafni tahoratsiz ushlash joiz emas. Qur'oni karim va tafsir kitoblardan boshqa barcha diniy kitoblarni tahoratsiz ushlash joiz. Aslida ushbu masala katta ulamolar o'rtasida ixtilofli masala bo'lib, Imom Abu Hanifa diniy kitoblarni tahoratsiz ushlashni joiz desalar, u zotning ikki shogirdlari – Imom Abu Юsuf va Imom Muhammadlar makruh amal deyishgan. Alloma Halabiy Imom Abu Hanifa rahimahullohning so'zlarini quyidagicha izohlaganlar: “Fiqh, hadis kabi diniy kitoblarni ushlagan kishi Qur'on oyatlarini ushlagan hisoblanmaydi, chunki kitobda keltirilgan oyatlar undagi ma'lumotlarga qo'shilib, unga tegishli bo'lib qoladi” (“Sharhul-munya” kitobi). Mazhabimizning keyingi davr fuqaholari ushbu masalada uch xil qarashni keltirib o'tganlar:

  1. Diniy kitoblarni tahoratsiz ushlash makruh. Alloma Kamol Ibn Humom fuqaholarning so'zlarini naql qilib, shunday deydilar: قالوا: يكره مس كتب التفسير والفقه والسنن لأنها لا تخلو عن آيات القرآن، وهذا التعليل يمنع من شروح النحو. “Fuqaholar: “Tafsir, fiqh, hadis kitoblarni tahoratsiz ushlash makruh, chunki ushbu kitoblar Qur'on oyatlaridan xoli emas”, deyishgan. Bunday sabab keltirish nahv (arab tili grammatikasi) kitoblarining sharhlarini tahoratsiz ushlashni ham man qiladi” (“Fathul Qodir” kitobi).
  2. Diniy kitoblardagi Qur'on oyatlari o'rnini tahoratsiz ushlash makruh. Yana bir toifa fuqaholar barcha diniy kitoblarni ushlash joiz, faqat oyat o'rinlarini ushlash nojoiz, deyishgan. Masalan, “Muxtasarul Quduriy”ga sharh yozgan Alloma Haddodiy shunday deganlar: أن كتب التفسير لا يجوز مس موضع القرآن، وله أن يمس غيره، وكذا كتب الفقه إذا كان فيها شئ من القرآن، بخلاف المصحف، فإن الكل فيه تبع للقرآن . ya'ni: “Tafsir kitoblarning Qur'on oyatlari o'rnini tahoratsiz ushlash joizmas. Kitobdagi oyatlardan boshqa joylarini tahoratsiz ushlash joiz. Shuningdek, fiqh kitoblarida Qur'on oyatlari bo'lsa, oyat o'rnidan boshqa joylarini tahoratsiz ushlash joiz. Lekin mushafning hukmi unday emas. Чunki mushafning hammasi Qur'on oyatlariga mansub hisoblanadi” (“As-Sirojul-vahhoj” kitobi).
  3. Tafsirdan boshqa barcha diniy kitoblarni tahoratsiz ushlash joiz. Bu haqda mashhur faqih Muhammad Mulla Xusrav shunday deganlar: ورخص المس باليد في الكتب الشرعية إلا التفسير ya'ni: “Tafsir kitoblaridan boshqa diniy kitoblarni tahoratsiz holda qo'l bilan ushlashga ruxsat etilgan” (“Durarul hukkam” kitobi). Mazhabimizning mo''tabar manbalarida keltirilgan ushbu uch xil qarashni sinchkovlik bilan tahlil qilgan Alloma Ibn Obidiyn tafsirdan boshqa barcha diniy kitoblarni tahoratsiz ushlash joiz ekanini mazhabimiz qoidalariga muvofiq ekani va dalil jihatdan asosli ekanini ta'kidlab, jumladan shunday xulosa qilganlar: الأظهر والأحوط القول الثالث أي كراهته في التفسير دون غيره لظهور الفرق فإن القرآن في التفسير أكثر منه فيغيره وذكره فيه مقصود استقلالا لا تبعا فشبهه بالمصحف أقرب من شبهه ببقية الكتب. ya'ni: “Bu masalada dalili kuchlisi va ehtiyotrog'i – uchinchi toifa fuqaholarning qarashidir. Ya'ni, tahoratsiz holda tafsir kitoblarini ushlash makruh, undan boshqa diniy kitoblarni ushlash joiz ekanidir. Чunki diniy kitoblar bilan boshqa diniy kitoblar o'rtasidagi farq ochiq ma'lum. Zero, tafsirdagi Qur'on oyatlari boshqa kitoblarga nisbatan ko'proq bo'lib, shu jihatdan farqi katta. Qolaversa, tafsir kitoblarda Qur'on oyatlari mustaqil zikr qilingan, tobe' shaklda emas. Shuning uchun tafsirni mushafga o'xshashligi boshqa kitoblarga nisbatan ko'proq” (“Raddul muhtor” kitobi). Юqoridagilardan kelib chiqib, tahoratsiz holda tafsirdan boshqa diniy kitoblarni ushlash va mutolaa qilish joiz ekani kelib chiqadi. Shunday bo'lsada, imkoni bor kishi diniy kitoblarni tahorat bilan ushlashi – taqvoga va shariatni ulug'lashga yaqin ekani jihatidan mustahab amal sanaladi. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar