UZRLI KISHINING IMOMLIK QILISHI

ID: 136

04.04.2025

61

Savol:

Gemorroyi bor odam ayni qon chiqib turgan paytda namozga imomlikka o'tsa joizmi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Biror jarohatidan doimiy qon yoki yiring oqib turadigan kishi sohibi uzur bo‘lib bunday kishilar doimiy tahoratini ushlab turadigan kishilarga imom bo‘lishi mumkin emas. Chunki sohibi uzrning tahorati zarurat yuzasidan u uchun tahorat hisoblanadi, boshqalar uchun tahorat hisoblanmaydi. Shunday ekan agar sohibi uzr mukammal tahoratli kishilarga imom  bo‘lsa, mukammal tahoratli kishilar tomonidan qaralganda go‘yoki tahoratsiz kishi imom bo‘lgan hisoblanadi. Bu haqda “Hidoya” kitobida shunday deyilgan.

وَلَا يُصَلِّي الطَّاهِرُ خَلْفَ مَنْ هُوَ فِي مَعْنَى الْمُسْتَحَاضَةِ

ya’ni: “Pok kishi mustahoza (Sohibi uzur) kishilar ortida namoz o‘qimaydi".

Chunki sog‘lom shaxsning holati uzrli shaxsning holatdan kuchliroqdir. Mukammal tahoratli kishi doimiy tahoratini ushlab tura olmaydigan “sohibi uzr”ga iqtido qilib namoz o‘qiydigan bo‘lsa, kuchli narsani kuchsiz kuchsiz narsaning ustiga bino qilingan bo‘lib qoladi. Holbuki kuchli narsani kuchsiz narsaning ustiga bino qilib bo‘lmaydi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar