UZRLI EKANIDAN BEXABAR HOLDA UMRA QILGAN AYOL

ID: 15

04.04.2025

286

Savol:

Ayolim bilan umraga bordik. U Madinada hayz ko‘rib qoldi. Makkaga ketishda biz bilan umraga niyat qildi. Makkaga yetib borgach, hayzi tugashini kutib turdi. Uch kundan keyin hayz to‘xtadi. To‘rtinchi kuni g‘usl qilib, haramga borib, umra qilib keldi. Qaytib kelgach, yana qon ko‘ribdi. So‘rab bilsak, bu hayz hisoblanar ekan. Ayolim hayzli holatda umra qilgani uchun jarima to‘laydimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Ayoldagi hayz uch kunda to‘xtab, to‘rtinchi kuni yana kelib qolgan bo‘lsa, haqiqatdan ham bu hayz hisoblanadi. Chunki hayz kunlarining eng ko‘pi o‘n kun bo‘ladi. O‘n kun ichida uch yoki to‘rt kun qon ko‘rib, keyin bir-ikki kun pok bo‘lib, keyin yana qon ko‘rsa, o‘rtadagi pok kunlar ham hayzdan bo‘ladi.    Betahoratlik, junublik, hayz va nifosdan pok bo‘lish umra tavofida vojib, say’da esa sunnat hisoblanadi. Vojibni tark qilish tufayli zimmaga jarima to‘lash tushadi. Ayolingiz qilgan umrasi umra bo‘lgan. Faqat tavofni hayzli holatda bajargani uchun vojibni tark qilib qo‘ygan. Shuning uchun agar u Makkada bo‘lsa, masjidul haromga kirib, tavofning o‘zini (yetti aylana) bajarib qo‘yadi. Qaytadan umraga niyat qilmaydi va bu bilan jonliq so‘yish soqit bo‘ladi. Agar vatanga qaytib kelib bo‘lgan bo‘lsa, pul yuborib, vakil orqali o‘sha yerda qo‘y so‘ydiradi. Chunki jarima jonlig‘ini haram hududida so‘yilishi vojib sanaladi. Bu haqida fiqhiy kitoblarimizda bunday deyilgan:

واجبات الطواف الأول الطهارة عن الحدث الأكبر والأصغر ... فلو طاف معها يصح عندنا ولم يحل له ذلك ويكون عاصيا ويجب عليه الإعادة أو الجزاء إن لم يعد وهذا الحكم في كل واجب تركه

“Tavofning vojiblaridan biri, katta va kichik betahoratlikdan pok bo‘lishdir... Agar bir kishi tahoratsiz tavof qilsa, bizning nazdimizda sahih hisoblanadi. Ammo bunday qilish halol emas, gunohkor bo‘ladi. Bu holatda qayta tavof qilishi kerak. Qayta qilmasa, jarima to‘lash vojib bo‘ladi. Bu hukm tark qilingan barcha vojiblarga ham taalluqlidir” (“Irshodus soriy ila manosiki mulla Ali qori” kitobi).    Ayollar bunday holatga tushmasligi uchun umra kabi amallarni bajarayotganlarida hayzlari uch-to‘rt kunda tugab qolsa, qo‘shimcha bir-ikki kun kutib, keyin umrani bajarsalar, yaxshi bo‘ladi. Namozda esa qon to‘xtashi bilan boshlayveradilar. Chunki namozni kechiktirish mumkin emas. Vallohu a’lam.   

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar