Assalomu alaykum, mo'min-musulmon kishi qancha uxlashi kerak? 5 soat yetarlimi yoki uyqu o'zi qanchalar muhim?
Uyqu Alloh taoloning borligi va birligiga dalolat qiluvchi ulkan oyat-mo‘jizalaridan biridir. Qur’oni Karimda shunday marhamat qilinadi:
«Va Uning oyat-belgilaridan kechasi va kunduzi uxlashingiz hamda Uning fazlidan talab qilishingizdir. Albatta, bunda eshitadigan qavm uchun oyat-belgilar bordir» (Rum surasi, 23-oyat).
Alloh taolo kechani orom va sokinlik uchun, kunduzni esa tirikchilik va faoliyat uchun yaratgan. Bu haqda boshqa oyatlarda ham ta’kidlanadi:
«U siz uchun kechani libos, uyquni istirohat qilgan va kunduzni tirilish (zamoni) qilgan Zotdir» (Furqon surasi, 47-oyat).
«Va uyqularingizni rohat qilib qo‘ydik. Va kechasini libos qildik. Va kunduzni maosh (tirikchilik) vaqti qildik» (Naba surasi, 9-11-oyatlar).
Imom Ibn Kasir rahimahulloh ushbu oyatlarni tafsir qilib, uyqu insonga rohat, harakatdan tinim va charchoqdan forig‘ bo‘lish imkonini berishini, kunduzi esa rizq talabida sa’y-harakat qilish uchun yaratilganini aytadilar.
Islom shariatida musulmon kishiga muayyan bir soatda uxlab, boshqa bir soatda uyg‘onish yoki aniq bir miqdorda, masalan, 5 yoki 8 soat uxlash majburiyati yuklatilmagan. Uyqu miqdori har bir insonning yoshiga, jismoniy ehtiyojiga, kasbi-koriga va boshqa omillarga qarab turlicha bo‘ladi. Masalan, tungi paytda ishlovchi kishi kunduzi ko‘proq uxlaydi, qishdagi uyqu yozdagidan farq qilishi mumkin, yosh bolalar va keksalarning uyquga ehtiyoji o‘rta yoshdagilarnikidan o‘zgachadir.
Shunga qaramay, mutaxassislar inson uchun o‘rtacha tabiiy uyqu me’yori kuniga 5 soatdan 8 soatgacha ekanligini ta’kidlashadi. Agar kishining tanasi kamroq uyquga ko‘nikkan bo‘lsa va bu unga zarar qilmasa, 5 soat uxlashi mumkin. Aksincha, agar tanasi ko‘proq dam olishga muhtoj bo‘lsa, bundan ko‘proq uxlashining ham yomon joyi yo‘q va bu gunoh emas.
Islomdagi asosiy qoida – uyqu sababli farz ibodatlar, ayniqsa, namoz vaqtlari o‘tib ketmasligi kerak. Mo‘min kishi namozlarini o‘z vaqtida, tetik va xushu’ bilan ado etishi lozim. Agar tana tin olish va uyquni talab qilsa, uni bundan mahrum qilish ham to‘g‘ri emas.
Ulamolar uyquni haddan tashqari kamaytirish ham, me’yoridan ortiqcha uxlash ham zararli ekanini ta’kidlaydilar. Tanaga keragidan ortiqcha uyqu toat-ibodatda dangasalikka, aqlning zaiflashuviga, g‘aflatning ko‘payishiga olib keladi. Salafi solihlardan bu borada bir qancha hikmatlar kelgan:
Fuzayl ibn Iyoz rahimahulloh aytadilar: «Ikki xislat qalbni qotiradi: ko‘p uxlash va ko‘p yeyish».
Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Abu Bakr rahimahulloh esa qalbni buzuvchi beshta omilni sanab, ularning ichida ko‘p uxlashni ham zikr qilganlar. Unga ko‘ra, ko‘p uxlash qalbni o‘ldiradi, badanni og‘irlashtiradi, vaqtni zoye qiladi hamda g‘aflat va dangasalikni keltirib chiqaradi. Kunning o‘rtasida, ya’ni, peshindan oldin yoki keyin bir oz uxlash kunning avvali va oxirida uxlashdan foydaliroq. Bomdod namozidan keyin to quyosh chiqquncha uxlashga kelsak, bu vaqt rizqlar taqsimlanadigan, baraka nozil bo‘ladigan g‘animat paytdir. Bu mahalda ulamolar uxlamaslikni tavsiya qiladilar. Asr namozidan keyin, shomga yaqin vaqtda uxlash ham tavsiya qilinmaydi. Shom namozidan so‘ng, xuftondan oldin uxlashni esa Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yoqtirmaganlar.
Xulosa qilib aytganda, agar sizning tanangiz 5 soat uxlashga odatlangan bo‘lsa va bu sizning ibodatlaringizga, kundalik ishlaringizga va sog‘lig‘ingizga salbiy ta’sir qilmasa, yetarli bo‘lishi mumkin. Ammo umumiy tavsiya – uyqu 5 soatdan 8 soatgacha bo‘lishidir. Shuni e’tiborga olish kerakki, uyqu – jismoniy va ruhiy salomatlik uchun zaruriy ehtiyoj, Allohning bandalariga bergan ne’mati va rahmatidir. Islom har bir ishda, jumladan, uyquda ham o‘rtacha yo‘lni tutishga chaqiradi. Uyquni haddan tashqari kamaytirib, sog‘liqqa zarar yetkazish ham, me’yoridan oshirib, vaqtni isrof qilish va ibodatlardan qolish ham durust emas. Har bir inson o‘z tanasining ehtiyojini va shar’iy majburiyatlarini hisobga olgan holda uyqu me’yorini belgilab olishi maqsadga muvofiqdir.