Uyda it boqib bo‘lmasligini bilaman, shunga ko‘ra mushuk va boshqa hayvonlarni boqib bo‘ladimi, biror zarari yo‘qmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Barcha go‘shti halol bo‘lgan hayvonlar va parrandalarni uyda boqish mumkin. Go‘shti harom bo‘lgan hayvonlardan eshakni ulov sifatida, Ov qushlarini ov qilish maqsadida boqish mumkin. Mushukka keladigan bo‘lsak, uyda mushuk boqishning zarari yo‘q. Sahobalar raziyallohu anhumning ham mushuk boqqanlari va bunga payg‘ambarimizning munosabatlari haqida hadislarda bayon qilinadi. Masalan ulug‘ sahobalardan Abdurahmon ibn Sahl raziyallohu anhu mushuklarni yaxshi ko‘rib, boqib yurganlari uchun Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tomonlaridan «Abu Hurayra» degan kunyani olganlar, ya’ni «mushukchaning otasi» degan ma’noda kunyalaganlar. Boshqa bir hadisda Kabsha binti Ka’b ibn Molik raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:
أن أبا قتادة دخل عليها قالت فسكبت له وضوءا - قالت فجاءت هرة تشرب فأصغى لها الإناء حتى شربت قالت كبشة فرآني أنظر إليه فقال أتعجبين يا بنت أخي فقلت نعم قال إن رسول الله صلى الله عليه وسلم قال إنها ليست بنجس إنما هي من الطوافين عليكم
ya’ni: “Abu Qatoda (uyimizga) kirdi. Unga tahorat suvi quyib berdim. Bir mushuk kelib, suvdan ichmoqchi bo‘ldi. Abu Qatoda esa idishni engashtirib, ichib olishi uchun tutdi. U qarab turganimni ko‘rib: “Ey birodarimning qizi, ajablanyapsanmi?” dedi. Men: “Ha”, dedim. U: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Albatta, u (mushuk) najas emas, u sizlarning atrofingizda aylanib yuruvchilardandir”, deganlar, dedi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
Yana shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, uyda boqilayotgan hayvonlar, parrandalarga zinhor (bir-birlari bilan urishtirib, och qoldirib, ba’zi a’zolarini kesib, g‘ayri oddatiy munosabatda bo‘lib) zulm qilmaslik kerak. Zero, zulmning har qanday turi haromdir.
Xulosa qilib aytganda, uyda hayvonlarni boqishda shariat ko‘rsatmalariga amal qilish lozim. Agar zarurat bo‘lsa zarurat miqdoricha boqish joiz. Ularga e’tibor bilan qarash va zulm qilmaslik talab etiladi Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.