Men ko‘chaga chiqqanda ro‘mol o‘rashni boshladim. Qaynonam va qarindoshlarimiz bunga juda qarshilik qilishyapti. Oldingiday muomala kilishmaydi, aksincha yomon ko‘rib ro‘mol o‘raganlarni haqoratli gaplar bilan yerga urib “farosatsizlar” deyishmoqda. Bu gaplarni eshitib ichimdan ezilaman, lekin jim turaman. Men ularga nisbatan qanday yo‘l tutishim kerak?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ayol kishi nomahramlar oldida satri avratda bo‘lishi, ro‘mol o‘rashi — farzdir. Bunga Alloh taolo buyurgan. Bunga quyidagi hadis ham dalolat qiladi:
قال النَّبِيُّ صَلَّى الله عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: «يَا أَسْمَاءُ، إِنَّ الْمَرْأَةَ إِذَا بَلَغَتِ الْمَحِيضَ لَمْ يَصْلُحْ أَنْ يُرَى مِنْهَا إِلاَّ هَذَا وَهَذَا»، وَأَشَارَ إِلَى وَجْهِهِ وَكَفَّيْهِ. رَوَاهُ أَبُو دَاوُدَ
Nabiy sollallohu alayhi vasallam (sahobiya ayollardan biri Asmo bint Abu Bakr roziyallohu anhoga qarata): “Ey Asmo, ayol kishi voyaga yetganda undan mana bu va mana bu joylaridan boshqasi a’zosi ko‘rinishi mumkin emas”, deb yuz va qo‘llariga ishora qildilar (Imom Abu Dovud rivoyat qilgan).
Siz Alloh buyurgan farzda mustahkam bo‘ling, sabrli bo‘ling. Shuni yaxshi bilingki, mana shunday qiyinchiliklar bilan Alloh taoloning aytganiga amal qilayotgan ekansiz, buning ajri nihoyatda ulug‘ bo‘ladi. Alloh taoloni yo‘lida boshqalardan topayotgan ozorlar, albatta Sizning foydangizga bo‘ladi, Alloh taoloning huzurida darajangiz ko‘tariladi.
SHu bilan birga qaynonangizning xizmatini qiling. Yaqin qarindoshlaringizga yaxshi muomalada bo‘ling, haqlarini ado eting. Ularga nisbatan xulqingizni go‘zal qiling va o‘zingizni tutishda yaxshi namuna bo‘ling.
Shu o‘rinda Alloh taoloning amriga qarshi chiqishning o‘ta xatarli ish ekanini ham eslatib o‘tmoqchimiz. Alloh taolo O‘zining Kalomida shariat ahkomlariga qarshi bo‘lishdan ogohlantirib shunday degan:
فَلْيَحْذَرِ الَّذِينَ يُخَالِفُونَ عَنْ أَمْرِهِ أَنْ تُصِيبَهُمْ فِتْنَةٌ أَوْ يُصِيبَهُمْ عَذَابٌ أَلِيمٌ
“(Payg‘ambarning) amriga xilof ish tutadigan kimsalar o‘zlariga biror kulfat yetib qolishidan yoki alamli azob yetib qolishidan saqlansinlar!” (Nur surasi, 63-oyat). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.