UMRADA TALBIYA (LABBAYKA) QACHON TO‘XTATILADI?

ID: 66

04.04.2025

53

Savol:

Umra qilayotgan kishi talbiyani qachon to‘xtatadi? Men bu borada turli har-xil gaplarni eshitdim. Shunga aniqlik kiritib bersangiz.

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Umrada talbiya tavofni boshlashdan avval to‘xtatiladi.

Talbiya aytish borasida odamlar orasida turli gap-so‘zlar tarqab qolgan. Ba’zilar Masjidul haromga kirish bilan to‘xtatadi, desa, yana ayrimlar Ka’baga ko‘z tushishi bilan to‘xtatadi, deydi. Ammo bu borada barcha fiqhiy manbalarimizda umra qilayotgan kishi talbiyani tavofga kirishishdan avval to‘xtatishini ta’kidlangan. Ya’ni umra qiluvchi shaxs miyqotdan ehromga niyat qilib, talbiya aytishni boshlaydi. Yo‘lda toki Harami sharifgacha har safar holati o‘zgarganda: tepalikka chiqqanda, pastlikka tushganda, odamlarni uchratganda talbiya aytib kelish sunnatdir. Masjidul haromga kirib, Ka’bani ko‘rganda takbir va tahlil aytadi va xohlagan duosini qiladi. Keyin Hajarul asvad oldiga kelib, talbiyani to‘xtatadi va tavofni boshlaydi. “Javharatun nayyira” kitobida shunday deyilgan:

قَوْلُهُ وَيَقْطَعُ التَّلْبِيَةَ إذَا ابْتَدَأَ بِالطَّوَافِ يَعْنِي عِنْدَ اسْتِلَامِ الْحَجَرِ لِأَنَّ الْمَقْصُودَ مِنْ الْعُمْرَةِ هُوَ الطَّوَافُ فَيَقْطَعُهَا عِنْدَ افْتِتَاحِهِ 

“Umra qilayotgan shaxs tavofni boshlayotgan vaqtda, ya’ni Hajarul asvadni istilom qilish vaqtida talbiyani to‘xtatadi. Chunki umradagi asosiy maqsad tavofdir. Shunday ekan tavofni boshlash chog‘ida talbiyani to‘xtatadi”. “Hidoya”, “Mabsuti Saraxsiy”, “Bahrur roiq” kabi kitoblarda ham shu ma’nodagi gaplar aytilgan.

Umradan farqli ravishda haj ibodatini qilayotgan hoji birinchi kundagi tosh otishdan avval talbiyani to‘xtatadi. Ungacha talbiyani aytib yuradi.

وقطع التلبية حين يرمي جمرة العقبة

“Hoji Jamratul aqabaga tosh otish vaqtida talbiyani to‘xtatadi”. (“Mabsuti Saraxsiy” kitobi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar