Guruhimizdagi bir kishi tavof qilgandan keyin sa’y qilmay masjiddan chiqib sochini oldirib qo‘yibdi. Buning hukmi nima bo‘ladi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Mazkur kishi sa’y qilishdan avval sochini oldirgani uchun qo‘y so‘yishi vojib bo‘ladi. Chunki umrada sa’y qilish va soch oldirish orasidagi tartib vojib hisoblanib, vojibni tark qilish tufayli jonliq so‘yish lozim bo‘ladi. Undan tashqari sa’y qilish vaqtida ehromli bo‘lish sa’yning vojiblaridan sanaladi. Shuningdek sa’yning o‘zi ham vojibdir. Uni tark qilish bilan ham jonliq so‘yish vojib bo‘ladi. Bir odam sa’ydan avval sochini olsa, sa’yni tark qilgani uchun bir jonliq, sochini vaqtidan oldin olgani uchun yana bir jonliq vojib bo‘ladi.
Agar soch olgandan keyin sa’yni bajarsa, vojib bo‘lgan ikki jonliqdan biri soqit bo‘ladi. Lekin sochni o‘z vaqtidan avval olgani uchun vojib bo‘lgan jonliqni so‘yish vojibligicha qoladi.
لو طاف ثم حلق ثم سعي صح سعيه وعليه دم لتحلله قبل وقته
“Tavof qilgandan keyin sochini olsa, undan keyin sa’y qilsa, qilgan sa’yi sa’y hisoblanib, vaqtidan oldin (sochini olib) ehromdan chiqqani uchun qon(qo‘y so‘yish) vojib bo‘ladi” (Irshodus soriy). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.