Umrada betahorat tavof qilib qo‘ygan bo‘lsa yoki yettitadan kam tavof qilgan bo‘lsa, jinoyat qilgan bo‘ladimi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Umra tavofi umraning rukni hisoblanadi. U betahorat qilinsa, jinoyat bo‘lib, jarimasiga qo‘y so‘yish vojib bo‘ladi. Hali Makkada turgan bo‘lsa va shu tavofini qayta qilsa, qo‘y so‘yish soqit bo‘ladi. Masalan, bir kishi tavofda bir aylanani betahorat qildi yoki bir aylanani qilmay, olti aylanada tugatib qo‘ydi. Buning joiz emasligini ehromdan chiqqandan keyin bildi. Masjidul haramga kirib o‘sha bir aylanani qilib qo‘ysa, jarima soqit bo‘ladi. Bu tavofni odatiy tikilgan kiyimida qilaveradi. Miyqot yoki Oisha roziyallohu anho masjidiga borib ehrom bog‘lab kelmaydi. Agar vataniga qaytib ketgan bo‘lsa, qo‘y so‘yish vojib bo‘ladi. Qo‘y haramda so‘yilishi shart bo‘lgani uchun pulini yuborib, vakil orqali so‘ydiradi. Uyida so‘yishi hisobga o‘tmaydi.
Bu haqida fiqhiy manbalarimizda kelgan ma’lumotlarni taqdim etamiz:
وَلَوْ طَافَ لِلْعُمْرَةِ كُلَّهُ أَوْ أَكْثَرَهُ أَوْ أَقَلَّهُ وَلَوْ شَوْطًا جُنُبًا أَوْ حَائِضًا أَوْ نُفَسَاءَ أَوْ مُحْدِثًا فَعَلَيْهِ شَاةٌ لَا فَرْقَ فِيهِ بَيْنَ الْكَثِيرِ وَالْقَلِيلِ وَالْجُنُبِ وَالْمُحْدِثِ ... وَكَذَا لَوْ تَرَكَ مِنْهُ أَيْ مِنْ طَوَافِ الْعُمْرَةِ أَقَلَّهُ وَلَوْ شَوْطًا فَعَلَيْهِ دَمٌ وَإِنْ أَعَادَهُ سَقَطَ عَنْهُ الدَّمُ
“Agar umra tavofining hammasini yoki ko‘prog‘ini yoki ozini, garchi bir aylana bo‘lsa ham junub, hayz, nifos, betahorat holatda qilgan bo‘lsa, zimmasiga qo‘y so‘yish vojib bo‘ladi. Bunda oz yoki ko‘p, junub yoki betahorat bo‘lishning farqi yo‘q... Shuningdek, umra tavofining ozini, garchi bir aylanasini bo‘lsa ham tark qilgan bo‘lsa, qo‘y so‘yish vojib bo‘ladi. Agar shu tavofni qayta qilsa, qon soqit bo‘ladi” ("Raddul muhtor" kitobi).
Alloma Ibn Moza rahimahulloh aytadilar:
إذا طاف للعمرة محدثاً أو جنباً، فما دام بمكة يعيد الطواف لأن الطواف ركن في العمرة
“Agar umra tavofini betahorat yoki junub holda bajarsa, modomiki Makkada turgan bo‘lsa, qayta tavof qiladi. Tavof umrada rukn hisoblanadi” ("Muhiti Burhoniy" kitobi).
Alloma Mulla Ali Qori rahimahulloh bu borada shunday deydilar:
وكذا لو ترك منه أي من طواف العمرة أقله ولو شوطا فعليه دم وإن أعاده أي الأقل منه سقط عنه الدم ولَوْ تَرَكَ كله أَو أكثره فعليه أن يطوفه حتما ولا يجزئ عنه البدل أصلا
“Shuningdek umra tavofining ozini garchi bir aylanasini bo‘lsa ham tark qilsa, qo‘y so‘yish vojib bo‘ladi. Agar ana shu tark qilgan tavofini, ya’ni o‘sha ozining o‘zini qayta qilsa, qo‘y so‘yish soqit bo‘ladi. Agar tavofning hammasi yoki ko‘pi(masalan, to‘rttasi)ni tark qilsa, o‘sha tark qilingan tavoflarni ado qilishi vojib bo‘ladi. Uning o‘rniga boshqa amal o‘tmaydi” ("Irshodus soriy" kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.