UKAM ONAMDAN QOLGAN MEROSNI TALAB QILMOQDA

ID: 744

04.04.2025

51

Savol:

Biz ikki aka-ukamiz. Ota-onamiz ajralishgan va biz 5-6 yosh bo‘lganimizda onamiz vafot etganlar. Hozir men 28 yoshda oilaliman. Ukam 27 yoshda bir o‘rtog‘inikida yashab yuribdi. Onamizdan qolgan uy 14 ming dollarga sotilgan, uni pulidan mashina olingan, 2 ming dollari esa totalizator o‘ynab yutqazilgan. Ukam uyni sotilganiga norozi bo‘ldi, mashinani berishni so‘rayapti. Unga mashinani berishimiz kerakmi? Bersak ertaga hech narsasiz qoladi, deb o‘ylayapmiz.

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Avvalo, onadan qolgan barcha mol mulk merosxo‘rlar o‘rtasida taqsimlanishi kerak. Mabodo marhumani ota-onasi tirik bo‘lsa, ular ham merosdan ulush oladi. Agar ular bo‘lishmasa, barcha mol-mulk aka-uka o‘rtasida teng bo‘linadi. Ukaning da’vosida jon bor, chunki merosda uning ham haqqi bo‘la turib uy sotilgan. Qimor o‘ynab yutqazilgan pul ham joyiga qaytarilishi kerak, chunki u ham meros molidandir. Qaytara olmasa merosdagi pulidan o‘shancha miqdor ajratib, chiqarib yuboriladi. Agar haqiqatan ham uka qo‘liga tushgan molni tezda isrof qilib talofatga uchratadigan bo‘lsa, merosini uy shaklida berishga yoki talofat yetmaydigan holatda yetkazishga harakat qilinglar. Lekin molni yaxshi tasarruf qiladigan yigit bo‘lsa, merosni o‘zi xohlagan ko‘rinishda olishga haqqi bor. Uning haqqini aka to‘sa olmaydi. 

Aka sifatida o‘rtadagi silai-rahmni bog‘lashga tashabbus ko‘rsating. Uyli-joyli, oilali bo‘lishiga yordam qiling. Gapi o‘tadigan kishilar orqali nasihat qildiringlar.  Bu mavzuda Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Alloh (hayotingizni) turg‘izish (vositasi) qilgan mollaringizni esi pastlarga bermang. Ularni o‘sha mollardan rizqlantiring, kiyintiring va ularga yaxshi so‘zlar ayting”. “Esi pastlar” – mol mulkini yaxshi tasarruf qila olmaydigan yetimlardir. Ammo, ulamolar bu hukmni umumlashtirib, molu mulkni yaxshi tasarruf qila olmaydigan har bir kishini esi pastlarga qo‘shganlar. 

Biz oyatda “esi past” deb tarjima qilayotgan ibora arabchada “safih” deyiladi. Ko‘pligi “sufahaa” bo‘ladi. Aslida bu ibora yengillik ma’nosini anglatadi. Shundan kelib chiqib, esi pastlarni “mol-mulk tasarrufiga yengiltaklarcha munosabatda bo‘luvchilar” deyishimiz mumkin.

Alloh (hayotingizni) turg‘izish (vositasi) qilgan mollaringizni esi pastlarga bermang. Bu amrning bayonida “mollarini” demasdan, “mollaringizni” deb xitob qilinishida ham katta hikmat bor. Qur’oni karim esi pastlarning shaxsiy-huquqiy mollariga ham jamoatning moli deb qaramoqda. Demak, musulmonlar qo‘lidagi mol-mulk ayni vaqtda musulmon jamoasining ham mol-mulki hisoblanadi. O‘sha mol bekordan-bekorga sovurilmasligi uchun jamoat ham javobgardir. (“Tafsiri hilol” kitobi). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar