INSONNING BU DUNYOSI QANDAY BO‘LSA OXIRATI HAM SHUNDAY BO‘LADIMI?

ID: 240

04.04.2025

75

Savol:

Insonning bu dunyosi qanday bo‘lsa, (baxtli yoki baxtsiz) oxirati ham shunday bo‘ladi deb eshitdim. Shu to‘g‘rimi?

Javob:

Bismillahir rohmanir rohiym.

Bu masala “baxt” so‘zini qanday tushunishga bog‘liq. Ko‘pchilik insonlar “baxt” deganda dunyo hayotida bekamu ko‘st yashashni tushunadilar. Vaholanki, oyat va hadislarga murojaat qilsak, unda “baxt va baxtsizlik”  asosan iymon va kufr masalasiga bog‘liq ma’noda keltiriladi. Alloh taolo Qur’oni karimda bu haqda bunday marhamat qiladi: “U kunda faqat Alloh izn bergan kishilargina gapira olurlar. Ulardan baxtsizlar va baxtlilar bordir”. (Hud surasi, 105 - oyat)

Mufassir ulamolarning ta’kidlashicha “baxtlilar” iymon bilan o‘tgan mo‘’minlardir. “Baxtsizlar” esa kufr uzra vafot topganlardir. Alloh saqlasin.

Ibn Mas’ud raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadis mazmuniga ko‘ra inson hali homila holatida unga ruh ato qilingandan so‘ng farishtalarga uning to‘rt narsasini yozishga buyruq beriladi: 1. Rizqi 2. Ajali 3. Amallari 4. Uning baxtli yoki baxsizligi.

Shu kabi asoslardan kelib chiqib aytish mumkinki, dunyoda moddiy holati qandayligidan qat’iy nazar iymon bilan yashab, iymon bilan o‘tganlar dunyoda ham oxiratda ham baxtlidirlar. Dunyoda kufrni tanlab, kufr bilan o‘tganlar har ikki dunyoda baxtsizdirlar. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar