TARMOQLI MARKETING

ID: 923

04.04.2025

376

Savol:

Men ozish maqsadida bir firmani mahsulotlaridan xarid qilib, ichib boshlagandim. Mahsulotlarida halol sertifikati bor bo‘lgani uchun ko‘nglim to‘q edi. Keyin shu firmaga o‘zim a’zo bo‘lsam o‘zim uchun olayotgan mahsulotlarim uchun ball yig‘ilib menga oylik chiqishini bilib qiziqib, men ham shu firmaga a’zo bo‘ldim. Keyin qanday ish yuritish bo‘yicha ma’lumot olib, hafsalam pir bo‘ldi. Men bir inson ketidan yozildim, menga ham oylik kattaroq miqdorda chiqishi uchun o‘zimni ortimdan ishga taklif qilishim, o‘z guruhimni yig‘ishim, ular bilan birgalikda katta ballar yig‘sak oyligim shunchalik kattalashib borishi tushuntirildi. Eng xavfsiraganim ortimdan yozilgan odam katta ball yig‘sa, meni lavozimim ko‘tarilib uning yiqqan bali uchun menga qanchadir miqdorda % chiqarilishi shu % orqali mani oyligim kattalashishi tushuntirildi. Men uchun % ga ishlash yoqmadi, man ortimda mijoz yozdirmay o‘zim mahsulotlarni sotib oylik olaveraman degan maqsadda ish boshlamoqchi bo‘lib turgandim yana bir gap eshitib ish boshlashga ikkilandim. Men ortimdan mijoz yozdirmay ishlaganim bilan men ortidan yozilgan insonlarga % ga chiqarib berganim uchun men ham % ga sherik hisoblanar ekanman. Shu qilayotgan ishim Shariatimiz hukmiga ko‘ra halolmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Siz aytib o‘tgan savdo turi tarmoqli marketing (setevoy marketing) deb yuritiladi. Saudiya Arabistoning Fatvo Kengashi, Misrdagi Al-Azhar universititetining Islom iqdisodiyoti professori Husayn Shahhata, Qatar davlat universititetining Islom shariati fakultetining professori Ali Muhiddin va bundan boshqa ko‘plab ulamolar tarmoqli marketingning barcha ish yo‘nalishini harom deb fatvo chiqarganlar.

Tarmoqli marketing insonlarning molini aldov, yolg‘on va firibgarlik yo‘li bilan yeyishdir. Alloh taolo insonlarni bir birlarining mollarini botil yo‘l bilan yeyishdan qaytargan.

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا لا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ

ya’ni: “Ey, iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning  mollaringizni botil yo‘l bilan yemang” (Niso surasi 29-oyat)

Tarmoqli marketingni harom ekanligini bir nechta sabablari bor.

Birinchidan: Tarmoqli marketingdagi asosiy maqsad mahsulot sotish emas, balki pulni pulga sotishdir. Chunki tarmoqli marketingda sotilayotgan mahsulotlarning bozordagi qiymati juda arzon bo‘lib, uni a’zo bo‘lgan ishtirokchilarga qimmatga sotadi. Ishtirokchilar bu zararni ular orqali a’zo bo‘lgan ishtirokchilar hisobidan qoplanishi sababli ozgina pulini ko‘paytirib olish uchun kompaniya mahsulotlarini sotib oladi. Bu pulni pulga nasiyaga foyiz asosida  sotishdir. Bunday savdo ayni ribo bo‘lgani uchun Qur’on oyatlari, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning hadislari va islom ummatining ijmosi bilan  shar’an harom qilingan.

Ikkinchidan: Tarmoqli marketing aldov ustiga qurilgandir. Aldov esa shar’an harom. Chunki tarmoqli marketingga a’zo bo‘lgan kishi kerakli miqdordagi ishtirokchilarni yig‘a oladimi yoki yig‘a olmaydimi, buni oldindan bilmaydi. Tarmoqli marketing ham qachondir oxiriga yetadi. Ishtirokchi  esa qo‘shilayotganda tarmoqli marketing oxiriga yetgan vaqtda piramidaning yuqori qismida bo‘lib, foyda ko‘radimi yoki piramidaning quyi qismida bo‘lib, zarar ko‘radimi, bundan bexabar bo‘ladi. Aslida, piramida  a’zolarining aksari ziyon ko‘radi, ozchilik ishtirokilargina foyda ko‘radi. Bu aldovning ayni o‘zidir. Abu Hurayra raziyallohu anhu shunday deganlar:

"نَهَى رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ عَنْ بَيْعِ الْغَرَرِ" (رَوَاهُ الامام مُسْلِمٌ)

ya’ni: “Nabiy sallallohu alayhi vasallam aldovdan qaytarganlar” (Imom Muslim rivoyatlari).

Uchinchidan: Tarmoqli marketingdagi mahsulot asosiy maqsad bo‘lmaydi, balki bu amaliyotni amalga oshirish uchun qopqon vazifasini o‘tab beradi. Ishtirokchilarga ham mahsulotning bor-yo‘qligining umuman ahamiyati yo‘q. Saudiya Arabistoni ulamolari Kengashi bitimlarning bunday turi haromligiga fatvo bergan. Sababi bu muomaladan maqsad mahsulot emas, balki puldir. Chunki tikilgan pullar miqdori o‘n minglab bo‘lganida,  mavjud mahsulotning narxi bir necha yuzdan oshmaydi. Har qanday aqlli odamga ikki ish (pul yoki mahsulot) taklif qilinsa, pullarni tanlaydi. Shu sababli bunday kompaniyalarning marketing va mahsulotini reklama qilishdagi asosiy tayanchi ishtirokchilar katta miqdordagi pullarni qo‘lga kiritishi mumkinligi va oz pul tikib ko‘p foyda olishga qiziqtiradi. Bu kompaniyalar sotayotgan mahsulot ko‘p miqdordagi pul va foydalarni qo‘lga kiritish uchun bir bahona xolos.

To‘rtinchidan: Tarmoqli marketingga asoslangan kompaniyalar bitimida qimor mavjud. Chunki unda ishtirokchi o‘zining ortidan ko‘p sonli kishilarni to‘play olsa, katta miqdordagi foydani qo‘lga kiritish ilinjida unga katta pul tikadi. Tarmoqli marketing kompaniyalarida daromad olish tizimi boshqa ishtirokchilarni jalb qilish bilan bog‘liq bo‘lib, ularni ikki guruhga (o‘ng va chap) ajratadi. Ishtirokchi foyda olishi uchun ikki guruh teng bo‘lishi kerak. Agar ishtirokchi talab qilingan adaddagi kishilarni jalb qilsa, pul oladi, aks holda pulidan mahrum bo‘ladi. Yuqoridagilardan bunday kompaniyalar qimor ustiga qurilganliga ma’lum bo‘ladi. Qimor esa haromdir. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qilgan:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا إِنَّمَا الخَمْرُ وَالمَيْسِرُ وَالأَنْصَابُ وَالأَزْلَامُ رِجْسٌ مِنْ عَمَلِ الشَّيْطَانِ فَاجْتَنِبُوهُ لَعَلَّكُمْ تُفْلِحُونَ

ya’ni: “Ey, iymon keltirganlar! Albatta, xamr, qimor, butlar va (fol ochadigan) cho‘plar iflosdir. SHaytonning ishidir. Bas, undan chetda bo‘ling. Shoyadki, najot topsangiz” (Moida surasi 90-oyat).

Shuningdek, birinchi ishtirokchi u orqali kelgan keyingi ishtirokchilar har safar sotganidan foyda  olishi odamlarning pullarini botil yo‘l bilan qo‘lga kiritish hisoblanadi.

Beshinchidan: Tarmoq marketingi tijoriy firibgarlikning bir shakli bo‘lib a’zolarini tezda  boyib ketishi mumkinligiga ishontiradi, natijada ko‘plab insonlar aldanib qolmoqda. Shuning uchun ham ko‘pgina mamlakatlar tarmoqli marketing faoliyatini taqiqlab qo‘ygan. Ba’zi  arab mamlakatlari tarmoqli marketingni oldini olib jamoatchilikni ushbu turdagi marketing bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarning tuzog‘iga tushib qolmasliklari haqida ogohlantirdilar. Chunki bu davlatlar tarmoqli marketingni aldovdan boshqa narsa emasligini tajribadan o‘tkazishgan. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar