Tuya bo‘talog‘i siydigini tuya sutiga qo‘shib ichsa hamma kasalga davo bo‘lar ekan deb eshitdim. Shu to‘g‘rimi, axir siydik haromku! Uni ichsa gunoh bo‘lmaydimi? Javob uchun rahmat!
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Tuyaning siydigi Imom Abu Hanifa va Imom Abu Yusuf rahmatulloh alayhimo nazdlarida najosat hisoblanadi. Lekin Imom Abu Yusuf va Imom Muhammad rahmatullohi alayhimo nazdlarida davo uchun uni ichish joiz.
Tuyaning siydigini najosat degan mujtahidlarimiz quyidagi hadisni dalil qilganlar:
اِسْتَنْزِهُوا مِنْ اَلْبَوْلِ فَإِنَّ عَامَّةَ عَذَابِ اَلْقَبْرِ مِنْهُ (رَوَاهُ اَلدَّارَقُطْنِيّ عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه)
ya’ni: “Siydikdan saqlaninglar, chunki (bavldan poklanmagan kishi uchun) qabr azobining ko‘pi undandir” (Imom Doraqutniy rivoyati). Tuyaning siydigini ichish mumkin degan mujtahidlarimiz esa mashhur Urayna qavmi haqidagi hadisga suyanadilar (Qissaning qisqacha tafsiloti shuki, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning huzurlariga Urayna qavmidan bir qancha odamlar musulmon bo‘lish uchun keldi. Ularga Madina havosi to‘g‘ri kelmay ranglari sarg‘ayib, qorinlari shishib ketdi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularga Madinadan tashqaridagi zakotdan yig‘ilgan tuyalarning sutlari va siydiklaridan ichishni buyurdilar. Ular shunday qilishdi. Tuzalib qolishgach, dindan qaytib, tuyaboqarlarni o‘ldirib, tuyalarni haydab ketishdi. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularni izidan odam jo‘natib, qo‘lga tushirib, qattiq jazoladilar. Bu hadisni Imom Buxoriy va boshqalar rivoyat qilishgan). Mo‘tabar fiqhiy matnlarda ham tuya siydigi najosat ekani aytilgan va uni odatiy holatda ichish mumkin emas. Buning ustiga mazhabimizda harom bilan davolanish joiz emas. “Zaxira” kitobida esa harom bilan davolanish joiz bo‘lishi (ya’ni, gunoh bo‘lmasligi) uchun o‘sha moddada shifo borligi va boshqa davo yo‘qligi ma’lum bo‘lishi kerakligi aytilgan. SHifo bor yo‘qligi tajriba bilan aniqlanadi. Hamaviy rahmatullohi alayh: “To‘ng‘iz go‘shtidan boshqa davo topilmagan taqdirda ham u bilan davolanmaydi”, – deydilar (“Raddul muxtor” va “Xoshiyatu raddul muxtor” kitobi) . “Fatavoi hindiya” kitobida shunday deyiladi:
وَقَالَا لَا بَأْسَ بِأَبْوَالِ الْإِبِلِ وَلَحْمِ الْفَرَسِ لِلتَّدَاوِي كَذَا فِي الْجَامِعِ الصَّغِيرِ
ya’ni: “Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadlar ot go‘shti va tuyaning bavlini davolanish uchun ishlatishni zarari yo‘q, deydilar. “Jome’us sag‘ir”da shunday kelgan”. Demak, yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, sog‘lom kishilar tuyani sutini ichish bilan kifoyalanishi kerak. Ular aslo tuya bavlini ichishlari mumkin emas. Agar bemor tuya suti bilan birga uning siydigini ichsa tuzalishi ma’lum bo‘lsa va boshqa davo yo‘qligi ko‘p tajribalardan o‘tgan bo‘lsa, tuya bavlini ichishi joiz bo‘ladi. Bu ikki mujtahid imomlarimiz Imom Abu Yusuf va Imom Muhammadning so‘zlariga muvofiq keladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.