TUSH HAQIDA

ID: 2035

21.08.2025

453

Savol:

Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakatuh yoshligimizdan buvilarimiz yomon tush ko’rsang tushing kimdir yomon holatga kelib qolsa suv ayt 1- deyishardi shu narsa qanchalik tog’ri va tushda ko’rilgan narsalar hayotda sodir bo’lishi qanchalik tog’ri, ko’pincha menda tushimda ko’rgan narsalarim sodir bo’ladi shu sodir bo’lmasligi uchun nima qilishim kerak

Javob:

Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuh. Dinimizga ko‘ra tushlar uch xil bo‘ladi: – Alloh taolo tomonidan bo‘lgan, tahorat bilan yotilganda, tongga yaqin ko‘riladigan, solih tushlar. – Shaytondan bo‘lgan, aniq esda qolmaydigan, kayfiyatni tushiradigan, alahsirashga o‘xshash yomon tushlar. – Kasbiga yoki qiziqqan narsasiga taalluqli tushlar. Dinimizda tush ko‘rganda nima qilish kerakligi borasida aniq tavsiyalar kelgan. Agar rost tushlar shariatga mos kelsa, amal qilish mumkin, agar zid kelsa, qat’iy amal qilinmaydi. Yomon tush ko‘rgan kishi tushini birovga aytmasligi va tushning yomonligidan Alloh taolodan panoh so‘rashi kerak. Bu haqida Abdulloh ibn Qatoda roziyallohu anhu otasidan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Rost tush Allohdan, yomon tush shaytondan. Birortangiz qo‘rqinchli tush ko‘rsa, chap tomoniga tuflab qo‘ysin va tushning yomonligidan (Allohdan) panoh so‘rasin. Shunda yomon tush zarar qilmaydi”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Ya’ni yomon tush ko‘rgan kishi chap tomonga yengilgina tuflab: “Ey, Robbim! Ko‘rgan tushimni yomonligidan panoh so‘rayman”, deb qo‘yadi. Ba’zi ulamolar imkon bo‘lsa o‘rnidan turib, tahorat olib, ikki rakat nafl namoz o‘qigani hamda biroz sadaqa qilib qo‘ygani yana ham yaxshi, deyishgan. Shuningdek, tush inson taqdirini belgilamaydi. Tushga ortiqcha baho berib, uni hayot mezoniga aylantirish to‘g‘ri emas. Biz dinimiz ko‘rsatmalariga og‘ishmay amal qilsak, ham moddiy, ham ruhiy tarafdan sog‘lom, irodamiz mustahkam bo‘ladi.

https://t.me/diniysavollar/245 Vallohu a’lam!

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar