TURLI MAHSULOTLARNI SOTIB OLGANDA QO‘YILGAN BONUS YOKI SOVRINLARNI OLISH JOIZMI?

ID: 293

04.04.2025

146

Savol:

Bugungi kunda juda ko‘p mahsulot ishlab chiqaruvchilar yoki sotuvchilar tomonidan ma’lum mahsulotni sotib olgan inson uchun turli bonus yoki sovrinlar qo‘shib berilmoqda, masalan mahsulot ichidan turli yutuqlar chiqmoqda. Bu diniy jihatdan qanchalik to‘g‘ri, qimorga o‘xshab qolmayaptimi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Bu ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchining ixtiyoridagi narsa. U xaridor uchun sotilgan narsalarga qo‘shimcha narsa qo‘shib berishi joiz. Lekin ushbu holatda uchta shart topilishi kerak. Bu uch shart topilmasa bu ish qimorga o‘xshab qoladi.

  1. Ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchi shu sovrin yoki bonus qo‘yilgani uchun mahsulotning narxini oshirib qo‘ymasligi kerak. Masalan, ma’lum ichimlikni sotib olganlarga sovrin va’da qilinmoqda. U ichimlik aslida 5 ming so‘m turadi, lekin sovrin qo‘yilgani uchun 6 ming so‘mga sotilyapti. Bu joiz emas. Sababi bu mohiyatan qimorga aylanib qolmoqda. Chunki xaridor 5 minglik narsaga 6 ming ya’ni ming so‘m ortiqcha pul beryapti. Natijada  ming so‘mdan ortiqcha yig‘ilgan pul kimgadir sovrin bo‘lib qaytyapti. Bu o‘rtaga ming so‘mdan pul tashlab, keyin kimdir yutib oladigan qimorning ayni holatidir. Ammo ichimlik o‘z narxi ya’ni 5 mingga sotilsa xaridorlar mahsulotni o‘zining narxiga sotib olgan va sotuvchi tamonidan qo‘yilgan qo‘shimcha sovrinni sovg‘a sifatida olgan bo‘ladi.

  2. Mahsulotlar uchun bonus taqdim qilish sifatsiz yoki soxta mahsulotni o‘tkazish uchun aldov yo‘li bilan amalga oshirilmasligi kerak.

  3. Bunday mahsulotlarni sotib olayotgan kishining maqsadi o‘sha mahsulotni iste’mol qilish yoki undan foydalanish bo‘lishi kerak. Faqat mukofotni ko‘zlab sotib olsa joiz emas.

Ma’lum narsani sotib olgan xaridorlar o‘rtasida qur’a orqali beriladigan sovrinlarning hukmi ham yuqoridagi shartlar asosida joiz hisoblanadi.

Ikkita narsa sotib olsangiz uchinchisi bepul, deb sotilgan holatda esa sotuvchi uchta narsani ikkitani puliga sotayotgan bo‘ladi. Garchi bu o‘rinda uchinchisi bepul, deyilayotgan bo‘lsada, aslida ikkita narsani puliga uchtani sotaman, degan bo‘ladi.

Oldindan e’lon qilmasdan qo‘shib berish, masalan tarozuda og‘irroq qilib berish yoki donasini ko‘paytirib berish joizdir. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar