Assalomu alaykum. Erimning ukasi boshqa qarindoshlari bilan sha'nimga dog' tushiradigan turli tuhmatlar qilishyapti, buzuqlikda ayblashyapti. "Folbinga borib erini ukasini o'qitib hovlidan chiqarib yuboryapti" deb qaynona qaynotamga meni haydab yuborishlarini so'rashyapti. Bo'lgan birorta voqeaga meni aloqam yo'q. Ikkita bolam bor. Nima qilay
Pok ayolga tuhmat qilib, uni buzuqlikda ayblash dinimizdagi eng og‘ir gunohlardan sanaladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ham o‘z hadislarida «Halok qiluvchi yettita gunohdan saqlaninglar» , deganlar va ularning orasida «...iffatli, mo‘mina, (yomon xayoldan) g‘ofil ayollarni zinoda ayblashdir» deb marhamat qilganlar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).
Siz bunday ayblovlardan jazavaga tushmang, o‘zingizni tuhmatchilarning darajasiga tushirib, ular bilan janjallashib yurmang, sabr qiling. Bu sabringiz evaziga ulkan ajrlar olishingizni ham unutmang. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Musulmonga qay bir musibat: charchoqmi, bemorlikmi, tashvishmi, xafalikmi, ozormi, g‘ammi, hattoki tikan kirishimi yetadigan bo‘lsa, albatta, Alloh ular sababli uning gunohlaridan o‘chiradi» , deganlar (Imom Buxoriy rivoyati) . Sizga yetayotgan bu ozorlar va g‘am-tashvishlar, inshaalloh, gunohlaringizga kafforat bo‘lmoqda.
Eringiz bilan vazminlik ila suhbatlashib, bo‘layotgan barcha gaplar asossizligini, sizning sha’ningiz uning ham sha’ni ekanini va dinimiz erkak kishiga o‘z ahlini himoya qilishni yuklaganini eslating. Agar eringiz sizning yoningizni olsa, bu fitnani yengish oson bo‘ladi.
Qaynona va qaynotangizga ham eringiz orqali yoki u kishining guvohligida vaziyatni tushuntirishga harakat qiling. Ularga shariatda bunday og‘ir ayblov uchun to‘rtta adolatli guvoh talab qilinishini, aks holda tuhmatchining o‘zi gunohkor bo‘lishini eslatish kerak. Asosiy maqsadingiz janjallashish emas, balki ikki farzandingiz taqdirini o‘ylab, oilangizni saqlab qolish va fitnaga barham berish bo‘lsin.