TREYDING HAQIDA

ID: 4214

15.11.2025

386

Savol:

Treyding savdosi shar'an joizmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. Birjada ishlash mumkin yoki mumkin emasligi u erda qanday faoliyat olib borishga bog'liq. Avval, Islom Fiqhi Akademiyasining 1404 hijriy sana, 11-16 Robi'us-soniyda bo'lib o'tgan birja bozori haqiqati, unda юzaga kelayotgan akцiya, qarz veksellari, tovarlar va qog'oz pullarning naqd va nasiya bitimlarini o'rganib, Islom shariati hukmlari asosida muhokama qilganidan so'ng, qilgan xulosasini ko'rib chiqsak.

“Islom Fiqhi Akademiyasi birja va undagi bo'ladigan akцiya, qarz qog'ozlari, savdo mollari, pullar va boshqa savdolar bilan yaqindan tanishib, o'rganib chiqqanidan keyin shariat ahkomlari asosida quyidagi qarorlarni qabul qilgan:

Birjaning asosiy maqsadi doimiy bozor yaratish va unda ishtirok etuvchilar uchun savdo-sotiqga, tovarlarini savdoga qo'yish va sotib olingan mahsulotlarni talab qilishga engillik yaratishdir. Bu erda savdo qilish juda ham oson bo'lib foydali va yaxshi ish bo'lib, savdo-sotiqda tajribasi yo'q, haqiqiy narx-navodan xabari yo'q, ammo oldi-sotdiga muhtoj kishilar ba'zi g'arazgo'ylar tomonidan aldanib qolishlarining oldini oladi. Shuningdek, sotuvchi va oluvchilarga katta yordam beradi.

Lekin shu bilan birga, birja savdosida shariat ruxsat bermagan qimorga o'xshash, birovning hisobidan foyda ko'rish va odamlarning molini botil yo'l bilan eyish kabi muomalalar ham bor. Shuning uchun birja haqida umumiy hukm chiqarib bo'lmaydi. Balki, unda bo'ladigan har bir muomalaga alohida to'xtalib o'tishga to'g'ri keladi:

Qarz qog'ozlarining ustiga foyda qo'yib sotishning barcha turlari ribo bo'lgani uchun shar'an joiz emas. Nasiya savdoning barcha turlari akцiya yoki savdo mollari bo'lsin, modomiki sotuvchining mulkida emas ekan, birjadagi uslubda sotish shar'an joiz emas. Chunki, bunda shaxs o'zining qo'lida bo'lmagan narsani keyinroq boshqa tarafdan sotib olib berish sharti bilan sotadi.

Bu esa Hakim ibn Hizom roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan:

لَا تَبِعْ مَا لَيْسَ عِنْدَكَ(رواه الترمذي)

ya'ni: “O'zingda bo'lmagan narsani sotma” degan hadisga binoan shariatda man qilingandir. Shuningdek, Imom Ahmad va Imom Abu Dovudlar Zayd ibn Sobit raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda:

فإن رسول الله صلى الله عليه و سلم نهى أن تباع السلع حيث تبتاع حتى يحوزها التجار إلى رحالهم.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Savdo mollari sotilgan joyida toki tojirlar o'z moliga qo'shib olmaguncha qaytadan sotilmas”, deganlar. Birjadagi qo'lma-qo'l bo'lmagan savdolar shariatdagi salam savdosiga o'xshamaydi. Ularning orasida ikkita farq bor.

Birinchisi: Birjadagi qo'lma-qo'l bo'lmagan savdoda narxni keyin beriladi. Salam savdosida esa narx savdo majlisida beriladi.

Ikkinchisi: Birja savdosida savdo moli birinchi sotuvchi qo'lida turgan holida bir necha marta savdo qilinib, olib-sotiladi. Bunda sotuvchi va xaridor orasida faqat foyda olinadi. Xuddi qimordagi kabi foyda yoki zarar ko'rish ehtimoli bo'lib turadi. Salamda esa, qo'lida yo'q narsani sotilmaydi.

Mazkur berilgan fatvo xulosasiga ko'ra, agar birja yoki elektron savdo jarayonlari islom shariatiga moslashtirilsa shar'an to'g'ri bo'lgan savdoga aylanadi.

Musulmon kishi birjada voqelikda bor bo'lgan narsani sotib olsa va sotishdan oldin o'zi yoki vakili orqali u tovarni qo'liga olsa yoki hali mavjud bo'lmagan narsani sotib olib savdo bitimi tuzilgan majlis tugamasidan avval tovarning pulini topshirib shu holatda savdo qilsa, birjada ishlasa bo'ladi, aks holda birjada ishlash shar'an mumkin emas. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar