SAJDAI SAHVNI UNUTISH

ID: 10

04.04.2025

237

Savol:

Namozda zam surani unutib o‘qimasak, sajdai sahv ham qilmasak, namozni qaytadan o‘qish kerakmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Namozda zam sura o‘qish vojib hisoblanadi. Agar zam surani unutib o‘qimasa, namoz oxirida sajdai sahv qiladi. Agar sajdai sahvni unutib salom berib qo‘ysa-yu, lekin namozga zid ish qilmagan bo‘lsa, shu vaqtda sajdai sahv qilib qo‘yadi. Agar dunyoviy gap gapirib yoki namozga zid bo‘lgan harakat qilib qo‘ygan bo‘lsa, sajdai sahv qila olmaydi. Bunday holatda shu namozni qayta o‘qib qo‘yishlik vojib sanaladi. Bu borada fiqhiy manbalarimizda bunday iboralar kelgan:

(ولها واجبات) لا تفسد بتركها وتعاد وجوبا في العمد والسهو إن لم يسجد له، وإن لم يعدها يكون فاسقا آثما وكذا كل صلاة أديت مع كراهة التحريم تجب إعادتها."

“Namozning vojib amallari bor. Uni tark qilish bilan namoz buzilmaydi. Agar qasdan yoki unutib tark qilsa va unutib qilmagani uchun (chunki qasdan tark qilsa, sajdai sahv qilmaydi, bu bilan uning xatosi o‘chirilmaydi) sajdai sahv qilmasa, qayta o‘qish vojib bo‘ladi. Agar qayta o‘qimasa, gunohkor fosiq bo‘ladi. SHu kabi makruhi tahrimiy bilan o‘qilgan har qanday namozni qayta o‘qib qo‘yish vojib bo‘ladi”. (“Raddul muhtor” kitobi). 

   “Fatovo Olamgiriya” kitobida quyidagilar aytilgan:

"وفي الولوالجية: الأصل في هذا أن المتروك ثلاثة أنواع: فرض وسنة وواجب، ففي الأول أمكنه التدارك بالقضاء يقضي وإلا فسدت صلاته، وفي الثاني لاتفسد؛ لأن قيامها بأركانها وقد وجدت، ولايجبر بسجدتي السهو، وفي الثالث: إن ترك ساهيًا يجبر بسجدتي السهو"

“Valvalojiya”da shunday deyilgan: “Namozda tark qilingan amallar uch turli bo‘ladi: Farz, sunnat va vojib. Farz amal tark qilingan holatda agar uni namoz ichida bajarib qo‘yish bilan tuzatish imkoni bo‘lsa, tuzatiladi. Agar tuzatishning imkoni bo‘lmasa, namozi buziladi. Sunnat amal tark qilinish bilan namoz buzilmaydi. Buning uchun sajdai sahv ham qilinmaydi. Vojib amal unutib tark qilinsa, sajdai sahv bilan tuzatiladi”. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar