Yo‘lda ketayotganda biror narsa topib olsam nima qilishim kerak? Masalan pul yoki rumolcha buni egasi yo‘q bo‘lsa atrofda hech kim bo‘lmasa nima qilishim kerak?
Bismillahir Rohmanir Rohim. Odamlar tushirib qoldirgan narsalar noloyiq odamlarning qo'liga tushib qolmasligi uchun uni olib qo'yish afzal. O'sha narsalarning yo'qolib ketish xavfi bo'lsa, uni olish vojibga aylanadi. Topilmani egasiga qaytarish uchun olayotganiga guvoh keltiriladi. Ya'ni, kim yo'qotgan narsasini izlayotgan bo'lsa, menga yo'llab qo'yinglar, deydi. Mana shu paytda qo'lidagi topib olingan narsa, u uchun omonatga aylanadi. Omonatni endi egasi qidirib kelmaydi deb gumoni g'olib bo'lgunicha topilgan joyda, odamlar to'planadigan joylarda e'lon qilib turadi. Hozirgi kunda e'lon qilishda radio, gazeta va ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish ham mumkin.
Zayd ibn Xolid al-Juhaniy raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sallallohu alayhi vasallam: “Kim yo'qolgan narsani tanitmay o'ziniki qilib olsa, zalolatga ketuvchidir”, deganlar (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyat qilgan).
Topib olingan narsa taom, meva va shunga o'xshash uzoq turmaydigan mahsulot bo'lsa, toki aynib qoladigan vaqtigacha e'lon qilinadi. Agar aynimaydigan narsa bo'lsa, “endi egasi izlab kelmaydi”, deb gumoni g'olib bo'lgunicha e'lon qilishda davom etadi.
Imom Muhammad ibn Hasan: “Bir yil muddat e'lon qilishda davom etib, egasini kelishini kutadi”, deganlar. Agar egasi ushbu muddat ichida kelmasa-ю topib olgan kishi faqir bo'lsa, undan o'zi foydalanishi joiz. Bu haqda Ubay ibn Ka'b raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
عَرِّفْهَا فَإِنْ جَاءَ أَحَدٌ يُخْبِرُكَ بِعِدَّتِهَا وَوِعَائِهَا وَوِكَائِهَا فَأَعْطِهَا إيَّاهُ وَإِلَّا فَاسْتَمْتِعْ بِهَا
ya'ni: “Topilgan narsani e'lon qil. Biror kishi uning soni, idishi va bog'ichini aytib kelsa unga ber, aks holda undan foydalan” (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilishgan).
Topib olgan kishi boy bo'lsa, faqir ota-onasiga, bola-chaqasiga yoki yaqinlariga sadaqa qilishi ham mumkin. Bunda o'sha buюm yoki mablag'ning asl egasining nomidan sadaqa qiladi. Topib olingan buюm yoki mablag' sadaqa qilinganidan keyin egasi kelsa, sadaqa qilinganiga rozi bo'lib, savobidan umidvor bo'lishi yoki topib olgan kishidan uni to'lab berishini talab qilishi mumkin (“Hidoya”, “Al-Ixtiyor”, “Fathu bobil inoya”). Vallohu a'lam.