To‘ng‘iz go‘shti haromligini bilamiz, lekin uning boshqa a’zolari masalan terisi, yog‘i, junidan foydalanish mumkinmi? Uning junidan cho‘tkalar tayorlanar ekan, ularni ishlatish mumkinmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
To‘ng‘izning go‘shti, yog‘i va barcha a’zolari haromligiga Qur’oni karimdagi quyidagi oyat dalolat qiladi:
قُلْ لَا أَجِدُ فِي مَا أُوحِيَ إِلَيَّ مُحَرَّمًا عَلَى طَاعِمٍ يَطْعَمُهُ إِلَّا أَنْ يَكُونَ مَيْتَةً أَوْ دَمًا مَسْفُوحًا أَوْ لَحْمَ خِنْزِيرٍ فَإِنَّهُ رِجْسٌ أَوْ فِسْقًا أُهِلَّ لِغَيْرِ اللَّهِ بِهِ فَمَنِ اضْطُرَّ غَيْرَ بَاغٍ وَلَا عَادٍ فَإِنَّ رَبَّكَ غَفُورٌ رَحِيمٌ
ya’ni: “Ayting: «Menga vahiy qilingan narsa (Qur’on)dan taom yeydigan kishiga o‘limtik, to‘kilgan qon, cho‘chqa go‘shti – u, albatta, palid – va (so‘yishda) Allohdan o‘zganing nomi atalgan «fisq» (“hayvon”)dan boshqa yeyish harom qilingan narsani topmayapman». Bas, kimki zaruratda qolib, (boshqaga) zulm qilmagan va (zarurat) haddidan oshmagan holda (ularni yesa), albatta, Rabbingiz kechirimli va rahmlidir” (An’om surasi, 145-oyat).
Imom Alusiy bu oyat to‘g‘risida shunday deydilar: “Oyati karimada to‘ng‘izning boshqa a’zolari ham harom bo‘lsada go‘shti zikr qilinishiga sabab, go‘sht hayvonlarning eng ko‘p yeyiladigan a’zosi. Qolgan a’zolar unga tobedir”.
To‘ng‘izning ayni (ya’ni, hamma joyi) najosat ekani Qur’oni karim bilan sobit bo‘lgan. Najosat haromdir va undan chetlanish esa vojibdir. To‘ng‘izning ham hamma narsasi harom, bundan uning juni va boshqa narsalari istisno bo‘lmaydi (“Kuvayt fiqh entseklopediyasi”).
To‘ng‘iz go‘shtidan davolanishda ham foydalanib bo‘lmaydi. Chunki Payg‘ambarimiz salallohu alayhi vasallam:
إن الله لم يجعل شفاءكم فيما حرم عليكم (اخرجه الامام البخاري عن ابن مسعود رضي الله عنه)
Ya’ni: “Albatta, Alloh taolo shifoingizni sizga o‘zi harom qilgan narsalarga qo‘ygani yo‘q”, - deganlar (Imom Buxoriy rivoyatlari).
Imom Abu Yusuf va Hasan ibn Ali rahmatullohi alayhimdan “Tabib kasalga: “Kasaldan tuzalishing uchun to‘ng‘iz go‘shti yeyishing kerak”, - degan bo‘lsa, to‘ng‘iz go‘shtini yeyish durustmi”, - deb so‘ralganda: “Yo‘q, to‘ng‘iz go‘shtini yeyish unga halol bo‘lmaydi”, - deyishgan (“Bahrur roiq” kitobi).
To‘ng‘izning terisini oshlab ham ishlatib bo‘lmaydi. Fuqaholar uning terisi oshlash bilan pok bo‘lmasligiga ittifoq qilishgan va uning terisidan foydalanish ham joiz emas. Chunki u ayni najosatdir (“Kuvayt fiqh entseklopediyasi”).
To‘ng‘izning juni haqida Hanafiy, Shofe’iy va Hanbaliy ulamolar uning juni najas bo‘lib, undan foydalanib bo‘lmaydi, chunki bu ayni najosatdan foydalanishdir, deydilar. Shu jumladan, to‘ng‘iz junidan tayyorlangan cho‘tkalardan ham foydalanish mumkin emas.
Shariatimiz uning savdosini man qiladi. Chunki musulmon kishi to‘g‘risida to‘ng‘iz mol (tovar-mahsulot) hisoblanmaydi. Shuning uchun uni sotish ham, sotib olish ham mumkin emasligiga fuqaholar ijmo qilishgan, yakdil fikrga kelishgan. Bu haqida Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
إِنَّ اللَّهَ تَعَالَى وَرَسُولَهُ حَرَّمَ بَيْعَ الْخَمْرِ وَالْمَيْتَةِ وَالْخِنْزِيرِ وَالْأَصْنَامِ (أخرجه الامام البخاري عن جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ)
ya’ni: “Albatta, Alloh taolo va Rasuli mast qiluvchi ichimlik, o‘limtik, to‘ng‘iz va but-sanamlar savdosini harom qildi” (Imom Buxoriy rivoyatlari) (“Kuvayt fiqh entseklopediyasi”).
Alloh taoloning bandalarga marhamati shuki, qaysi bir narsani harom qilsa, uning muqobiliga bir qancha halolni qo‘ygan. Masalan, zinoni harom qilgan bo‘lsa, nikohni halol qilgan, riboni harom qilgan bo‘lsa, savdoni halol qilgan. Xuddi shunday, harom qilingan oziq-ovqatlar muqobilida ko‘plab halol taomlar, ichimliklar borki, ularning shukrini qilib adog‘iga yetish qiyin.
Demak, bugungi taraqqiy topgan dunyoda har sohada halol mahsulotlar bilan ehtiyojlarimizni qondirishimiz mumkin, hech bir yo‘nalishda to‘ng‘iz va uning a’zolaridan tayyorlangan mahsulotlarga muhtoj bo‘lib qolgan joyimiz yo‘q. Shuning uchun shariatimiz ko‘rsatmalariga amal qilib, harom mahsulotlarni iste’mol qilish va boshqa ko‘rinishlarda foydalanishdan saqlanishimiz lozim. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.