TOMOSHA QILINADIGAN NARSALAR

ID: 4839

05.12.2025

41

Savol:

Assalomu alaykum ustoz, hozirgu kunda Yaponiya mamlakatidan dunyoga Anime nomli 2 d formatdagi multik shaklidagi filmlar uzatilmoqda bu filmlarni koʻrishning hukmi qanday boʻladi?

Javob:

Va alaykum assalom va rohmatulloh. Bismillahir rohmanir rohim. Animeni ko'rish haqida umumiy holda halol yoki harom deb qat'iy hukm chiqarilmaydi, balki uning mazmuniga qarab hukmi aytiladi. Agar anime tarkibida yalang'och, avrat ochilishi, shahvoniy sahnalar, nomahramlar o'rtasidagi munosabatlar, zo'ravonlikni targ'ib qilish, shirk g'oyalari, bir nechta xudolarga ishonish, sehr-jodu va g'ayritabiiy kuchlarni ulug'lash kabi holatlar mavjud bo'lsa, bunday animeni ko'rish joiz emas, balki harom yoki kamida makruh hisoblanadi. Chunki bu inson iymoniga va axloqiga salbiy ta'sir qiladi, ayniqsa bolalar va yoshlar ongiga zarar etkazishi mumkin. Ammo anime bunday salbiy jihatlardan xoli bo'lsa hamda insonni yaxshilikka, ijobiy xulq-atvorga chorlaydigan mazmunda bo'lsa, u oddiy multfilm hukmida bo'lib, ehtiyotkorlik bilan ko'rish joiz bo'lishi mumkin. Shu bilan birga, hatto mazmuni yaxshi bo'lgan taqdirda ham, agar anime insonni namozdan, ibodatdan, oila va burchlaridan chalg'itib, vaqtni behuda sarflashga olib kelsa, bu ham shariatda ma'qullanmaydi, chunki vaqt Allohning insonga bergan omonatidir. Xulosa qilib aytganda, animeni ko'rishning hukmi uning nomiga emas, balki mazmuniga va insonga etkazadigan ta'siriga bog'liq. Musulmon kishi o'z iymoni, axloqi va vaqtini asrab, diniga zarar etkazadigan narsalardan uzoq bo'lishi eng to'g'ri yo'l hisoblanadi. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar