TO‘LOVI QILINGAN, LEKIN HALI BITMAGAN UYDAN ZAKOT BERILADIMI?

ID: 1123

24.04.2025

116

Savol:

Oilam bilan istiqomat qilish uchun uy olish maqsadim bor. Tabiiyki bir deganda uy olish bir muncha qiyinroq. Shuni inobatga olib, hamda yaxshi jamg‘arma bo‘lgani uchun va albatta Robbimning madadi bilan pul to‘plab ikki xonalik ikkita uyga to‘lov qildim. Ikkalasining to‘lovini bosqichma-bosqich (bo‘lib-bo‘lib) amalga oshirganman, ikkinchi uy esa hali bitmagan. Zakotni qanday to‘lashim kerak?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. Uch turdagi moldan zakot chiqariladi. Bu haqida Alloma Kosoniy rahimahulloh quyidagicha bayon qilgan: أَمْوَالُ الزَّكَاةِ أَنْوَاعٌ ثَلَاثَةٌ أَحَدُهَا : الْأَثْمَانُ الْمُطْلَقَةُ وَهِيَ الذَّهَبُ وَالْفِضَّةُ ، وَالثَّانِي : أَمْوَالُ التِّجَارَةِ وَهِيَ الْعُرُوض الْمُعَدَّةُ لِلتِّجَارَةِ ، وَالثَّالِثُ : السَّوَائِمُ “Zakot beriladigan mollar uch turlidir: 1) Tilla va kumush 2) Tijorat mahsulotlari (ya’ni tijorat uchun tayyorlab qo‘yilgan mahsulotlar) 3) Chorva hayvonlari”. (“Badoi’us sanoi’” kitobi). Siz uylarni oilangiz bilan yashash uchun oldim debsiz. Agar ikkala uyni ham yashash uchun olgan bo‘lsangiz, zakot bermaysiz. Chunki ularni tijorat maqsadida sotib olmagansiz. وَلَيْسَ فِي دُورِ السُّكْنَى وَثِيَابِ الْبَدَنِ وَأَثَاثِ الْمَنَازِلِ وَدَوَابِّ الرُّكُوبِ وَعَبِيدِ الْخِدْمَةِ وَسِلَاحِ الِاسْتِعْمَالِ زَكَاةٌ لِأَنَّهَا مَشْغُولَةٌ بِحَوَائِجِهِ الْأَصْلِيَّةِ “Yashab turgan xovlisi, ustidagi kiyimi, uy jihozlari, ulovlar, xizmatkorlar, ish qurollarida zakot yo‘q. Chunki, ular asliy hojatlari hisoblanadi” ("Javharatun nayyira" kitobi). Agar birida yashash, ikkinchisini sotish maqsadida olgan bo‘lsangiz, sotish maqsadidagi uy tayyor bo‘lib, kalitini qo‘lga olgunga qadar uning qiymatidan zakot bermaysiz. Uy sizga o‘tgandan keyin zakot moliga qo‘shiladi. Bunday uy uchun to‘lagan puldan ham zakot bermaysiz. Uni sizdan olgan tomon zakot beradi. Chunki sizlar qilgan savdo shariatda “Istisno’ (yasab berish, qurib berish) savdosi” deyiladi. Istisno’ savdosida mahsulot buyurtmachiga topshirilgunga qadar buyurtmachining emas, ishlab chiqaruvchining mulki bo‘ladi. Bu savdo haqida barcha fiqhiy kitoblarimizda ma’lumotlar berilgan. Jumladan “Fiqhul buyu’” kitobida shunday deyilgan: و المصنوع قبل التسلیم ملك للصانع، الثمن المدفوع مقدما عند إبرام العقد مملوك للصانع، یجوز له الانتفاع و الاسترباح به، و تجب علیه الزکاة فیه “Ishlab chiqarilgan mahsulot buyurtmachiga topshirilguniga qadar bajaruvchining mulki hisoblanadi. Savdo bitimi tuzilgan vaqtda mahsulot uchun berilgan mablag‘ ish bajaruvchining mulkiga o‘tadi. U bu pullardan foydalanishi mumkin va mazkur pullardan zakot berish uning zimmasiga lozim bo‘ladi”. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar