Kishi qazo namozini ado qilgach, namozni o‘z vaqtidan keyin o‘qigani uchun tavba ham qilishi kerakmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Ha, albatta kishi namozni o‘z vaqtida o‘qimasdan, uni qazo qilib o‘qigani uchun tavba qiladi. Bu haqida “Durarul hukkom” kitobida bunday deyilgan:
وَأَمَّا إثْمُ تَأْخِيرِهَا عَنْ الْوَقْتِ الَّذِي هُوَ كَبِيرَةٌ فَبَاقٍ لَا يَزُولُ بِالْقَضَاءِ الْمُجَرَّدِ عَنْ التَّوْبَةِ بَلْ لَا بُدَّ مِنْهَا هَذَا
ya’ni: “Namozni vaqtida o‘qimaslik katta gunoh bo‘lib, tavba qilmasdan qazo namozini o‘zini o‘qish bilan gunoh yo‘q bo‘lmaydi, balki qazoni o‘qish bilan birga albatta tavba qilish zarur bo‘ladi”.
Shunday ekan, musulmon kishi avvalo namozni har qanday vaziyatda ham o‘z vaqtida o‘qishga harakat qilishi kerak. Mabodo uxlab qolib o‘z vaqtida o‘qiy olmasa, zudlik bilan qazosini o‘qishga say-harakat qiladi. Chunki Alloh taolo Qur’oni karimda:
إِنَّ الصَّلَاةَ كَانَتْ عَلَى الْمُؤْمِنِينَ كِتَابًا مَوْقُوتًا
ya’ni: “Albatta namoz mo‘minlarga vaqtida farz qilingandir” degan (Niso surasi, 103-oyat). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.