Guruhimizdagi bir sherigimiz Oisha onamiz masjidiga borib, umraga niyat qilib kelib, umra qilgan. Sochini olib, ehromdan chiqqan. Ammo bu umrasini ehrom kiyimini kiymasdan, oddiy kiyimlari bilan bajaribdi. Bu umrasi to‘g‘ri bo‘lganmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Tikilgan kiyim kiyib qilingan umra to‘g‘ri hisoblansada, vojib amal tark bo‘lgani uchun jarima to‘lash lozim bo‘ladi. Sherigingiz Oisha roziyallohu anho masjidida umraga niyat qilganidan boshlab, umrasini bajarib, sochini oldirgunicha bo‘lgan muddat 12 soat yoki undan ko‘p bo‘lsa, jarimasiga qo‘y so‘yadi. Agar 12 soatdan kam bo‘lsa, yarim so’ (2kg) bug‘doy yoki uning qiymatini sadaqa qiladi. Bilmay qilgani uchun jarimadan qutilib qolmaydi. Bu haqida fiqhiy kitoblarimizda shunday deyilgan:
أما واجباته... والتجرد المخيط المحيط حتي لو أحرم وهو لابسه يكره ويلزمه الترك والجزاء
“Ehromning vojiblari... Tikilgan kiyimdan xoli bo‘lmoqlik. Agar tikilgan kiyimni kiygan holatda ehrom bog‘lasa, makruh bo‘ladi hamda uni yechish va jarimasini o‘tash lozim bo‘ladi” (“G‘unyatun nosik” kitobi).
فإذا لبس مخيطًا يومًا كاملًا أو ليلةً كاملةً فعليه دم، و في أقلّ من يوم أو ليلة صدقة، (وهي نصف صاع من بر)
“Agar ziyoratchi bir kunduz yoki bir kecha to‘liq tikilgan kiyim kiygan bo‘lsa, uning zimmasiga qon vojib bo‘ladi. Agar bir kunduz yoki bir kechadan kamroq vaqt davomida kiygan bo‘lsa (yarim so’ (2kg) bug‘doy yoki uning qiymatini) sadaqa qilish lozim” (“Irshodus soriy” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.