TIK TURIB SUV ICHISHNING HUKMI

ID: 29

04.04.2025

126

Savol:

Tik turib suv ichish haqida turli gaplar yuradi. Ayrimlar mumkin desa, yana boshqalar mumkin emas, deyishadi. Shu haqida ma’lumot bersangiz.

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Hadisi shariflarga murojaat qilinadigan bo‘lsa, har ikki holatga ham dalillar bo‘lgani uchun turli gaplar aytilgan bo‘lishi tabiiy. Alloh taolo ulamolarimizdan rozi bo‘lsin, ular bizga omonat sifatida har ikki ma’noga dalil bo‘luvchi hadislarni ham yetkazib berishgan. Ularning ayrimlarida tik turib suv ichishdan qaytarilgan bo‘lsa, boshqa hadislarda uni joiz deyilgan. Ulamolarimiz mazkur hadislarni to‘plab, xulosasini aytishgan. Jumladan “Raddul muhtor” kitobida quyidagilar kelgan:

وَاعْلَمْ أَنَّهُ وَرَدَ فِي الصَّحِيحَيْنِ أَنَّهُ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ : { لَا يَشْرَبَنَّ أَحَدٌ مِنْكُمْ قَائِمًا ، فَمَنْ نَسِيَ فَلْيَسْتَقِئْ } وَفِيهِمَا { أَنَّهُ شَرِبَ مِنْ زَمْزَمَ قَائِمًا } " وَرَوَى الْبُخَارِيُّ { عَنْ عَلِيٍّ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ أَنَّهُ بَعْدَمَا تَوَضَّأَ قَامَ فَشَرِبَ فَضْلَ وَضُوئِهِ وَهُوَ قَائِمٌ ، ثُمَّ قَالَ : إنَّ نَاسًا يَكْرَهُونَ الشُّرْبَ قَائِمًا ، وَإِنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ صَنَعَ مِثْلَ مَا صَنَعْتُ } وَأَخْرَجَ ابْنُ مَاجَهْ وَالتِّرْمِذِيُّ عَنْ كَبْشَةَ الْأَنْصَارِيَّةِ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهَا { أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ دَخَلَ عَلَيْهَا وَعِنْدَهَا قِرْبَةٌ مُعَلَّقَةٌ فَشَرِبَ مِنْهَا وَهُوَ قَائِمٌ فَقَطَعَتْ فَمَ الْقِرْبَةِ تَبْتَغِي بَرَكَةَ مَوْضِعِ فِي رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ } وَقَالَ التِّرْمِذِيُّ : حَسَنٌ صَحِيحٌ غَرِيبٌ ، فَلِذَا اخْتَلَفَ الْعُلَمَاءُ فِي الْجَمْعِ ؛ فَقِيلَ : إنَّ النَّهْيَ نَاسِخٌ لِلْفِعْلِ ، وَقِيلَ : بِالْعَكْسِ ، وَقِيلَ : إنَّ النَّهْيَ لِلتَّنْزِيهِ وَالْفِعْلُ لِبَيَانِ الْجَوَازِ .وَقَالَ النَّوَوِيُّ : إنَّهُ الصَّوَابُ 

“Bilginki, Imom Buxoriy va Muslim kitoblarida ushbu hadislar kelgan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sizdan birortangiz tik turib (ichimlik) ichmasin. Kim unutib (ichib qo‘ysa), qayd qilib yuborsin”, deganlar. Boshqa hadisda “Nabiy sollallohu alayhi vasallam tik turib zamzamdan ichdilar”, deyilgan. Buxoriy rivoyat qilgan yana bir hadisda Ali roziyallohu anhu tahorat qilib bo‘lgach, tahoratdan ortgan suvdan tik turgan holda ichdilarda, keyin “Albatta, odamlar tik turib ichishni makruh ko‘radilar. Nabiy sollallohu alayhi vasallam xuddi men qilganimdek qilganlar”, dedi. Ibn Moja va Termiziy Kabsha al-Ansoriyadan rivoyat qilgan hadisda “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning oldiga kirdilar. Uning uyida mesh osilgan edi. U zot meshdan tik turib suv ichdilar. Kabsha Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning og‘izlari tekkan joyning barakasidan umid qilib, meshning og‘zini kesib oldi”. Shuning uchun ulamolar bu hadislarni jamlashda ixtilof qilishgan. Ba’zi olimlar so‘z bilan qaytarishlik amalda qilingan ishni nasx (bekor) qiladi” deyishsa, boshqalari buning aksini aytadilar. Yana boshqalar esa hadisdagi qaytariq tanzihiy (yengil) ma’noda kelgan va ichib ko‘rsatishlari esa bu ishning joiz ekanini bayon qilish uchun bo‘lgan deyishadi. Imom Navaviy mana shu fikrni ma’qullagan. Alloma Tahoviy imom Sha’biy rahimahullohning “Tik turib suv ichishning makruhligi salomatlikka zararli bo‘lgani uchundir”, deganlarini naql qilgan.

Ana shularga ko‘ra tik turib suv ichish joiz bo‘lsada, makruhi tanzihiy (yengil makruh) bo‘ladi. Bunday qilgan odam gunohkor bo‘lmaydi, ammo o‘tirib ichish uchun savob oladi va bir vaqtning o‘zida tanasini zararlardan ham asragan bo‘ladi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar