EGASI TOPILMAGAN PULNI NIMA QILISH KERAK?

ID: 4116

11.11.2025

87

Savol:

Men bir kishidan go‘sht olib pulini berish esimdan chiqdi. So‘ng esimga kelgach qassobga pulni bermoqchi edim, qassob ham kimning qo‘yini so‘yib sotib berganini eslolmadi. Shunday holatda yaʼni haqdorning kim ekanligini eslolmasa nima qilish kerak?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim. Mazkur pullar sizning ham, qassobning ham mulki emas, balki o'z egasining mulkidir. Shuning uchun egasiga qaytarish lozim. Buning uchun siz topilmani qassobning o'ziga qaytarib berasiz va u haqiqiy egalarini topish chorasini ko'radi. Egasidan beruxsat ishlatib юborishi gunoh hisoblanadi. Zayd ibn Xolid al-Juhaniy roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim yo'qolgan narsani tanitmay o'ziniki qilib olsa, zalolatga ketuvchidir”, deganlar (Imom Muslim va Imom Ahmad rivoyat qilgan). Demak, qassob pulni egasi chiqqunicha o'zida saqlab turadi va egasini topishga jiddiy kirishadi. Egasini topishdan butkul umidi uzilgan vaqtda o'zi muhtoj bo'lsa, sadaqa o'rnida o'ziga ishlatishi, boy bo'lsa, faqirlarga egasining nomidan sadaqa qilib юborishi lozim bo'ladi. Keyinchalik egasi topilib qolsa, holatni tushuntiradi. Agar egasi rozi bo'lsa, sadaqaning savobi unga bo'ladi. Egasi rozi bo'lmay, pulni talab qilsa, qiymatini to'lab beradi va qilingan sadaqaning savobi ana shu qassobning o'ziga bo'ladi. Vallohu a'lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar