TEXNIK XIZMAT HAQI ADOLATLILIGI HAQIDA FATVO SO‘ROVI

ID: 3322

16.10.2025

29

Savol:

Mavzu: Avtomobil ustasining xizmat haqi masalasida shar’iy savol Assalomu alaykum, hurmatli fatvo markazi xodimlari! Men Jizzax viloyatidanman. Shaxsiy avtomobilim avariyaga uchragach, ta’mirlash ishlarini boshlab, barcha tashqi qismlarni tikladim. Faqat elektron boshqaruv tizimida nosozlik bor edi. Jizzaxda malakali mutaxassis topilmagani uchun mashinani Toshkentga olib borib, internet orqali topgan “A” ismli ustaga topshirdim. Men unga: “Mator yangidan yig‘ilgan, faqat elektron xatolik bor. Iltimos, shu qismini tekshirib, kerak bo‘lsa dasturini tuzating,” dedim. Oradan ikki soat o‘tib, u menga: “Mator noto‘g‘ri yig‘ilgan, ochish kerak,” dedi. Men esa: “Ochmang, u to‘g‘ri yig‘ilgan, mator ustasi siz bilan bog‘lanadi,” dedim. Matorni yig‘gan “B” usta “A” ustaga qo‘ng‘iroq qilib, mator to‘g‘ri yig‘ilganini tushuntirgan, ammo “A” bunga ishonmay, boshqa “C” ismli ustaga matorni ochdirgan. Natijada, mator to‘g‘ri chiqib, asl nosozlik “kalitr” (kalit teshgan joy) qismida ekanligi aniqlangan. Men mashinani olgach, “A” ustaga va “C” ustaga alohida haq to‘ladim. “C” usta esa matorni ochib-yopgani uchun yana qo‘shimcha pul so‘radi. Unga: “Agar siz boshida kalitr tishlanganini bilganingizda, xizmat haqi qancha bo‘lardi?” dedim. “Ancha kam bo‘lardi,” dedi. Men: “Unda matorni ochib-yopganingiz ortiqcha ish emasmi? Axir matorda ayb chiqmadi-ku,” dedim. U esa: “Mening vaqtim ketdi,” deb javob berdi. Menimcha, matorni ochish asossiz bo‘lgan, bu holat ustalarning ehtiyotkorligi va mas’uliyatini qayta ko‘rib chiqishni talab qiladi. Savolim: men matorni ochmang deb aytgan bo‘lsam-da, “A” usta o‘z ixtiyori bilan uni ochdirib, ayb mator emas, kalitrda chiqqan bo‘lsa — bu holda “A” va “C” ustalarning mendan xizmat haqi talab qilishi shar’an to‘g‘rimi? Hurmat bilan,

Javob:

Shariatga ko‘ra, sizning "matorni ochmang" degan aniq buyrug‘ingizga qaramay, usta o‘zboshimchalik bilan uni ochdirgani uchun, bu ortiqcha ish haqini to‘lashga majbur emassiz. Ijara shartnomasida buyurtmachining ruxsatisiz qilingan ish uchun haq talab qilinmaydi. "C" ustaga kelsak, unga ishni buyurgan "A" usta javobgar bo‘ladi va uning haqini ham o‘sha to‘lashi lozim.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar