TELEFONDA QUR’ON O‘QIGANDA TAHORAT BO‘LISHI KERAKMI?

ID: 496

04.04.2025

118

Savol:

Telefonimda Qur’on o‘qisam ham tahoratli bo‘lishim kerakmi?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Qur’oni karimni tahoratli holda ushlash vojib amal sanaladi. Qur’onni yoddan o‘qishda yoki kitobni ushlamasdan, unga qarab o‘qishda tahorat bo‘lishi afzal bo‘lsa-da, tahoratsiz ham o‘qishga ruxsat berilgan.

Zamonamiz ulamolari telefon kabi elektron jihozlarda Qur’oni karim ilovalari ochiq holda turganda o‘sha jihoz Qur’on hukmida bo‘lishi borasida turli fikr bildirganlar. "Misr fatvo uyi" ulamolari tomonidan elektron jihoz orqali Qur’on oyatlarini ushlash joiz deb fatvo berilgan.

Iordaniya fatvo hay’ati (https://aliftaa.jo/question.aspx?questionid=1341#.ynbss2gzauk) ulamolari, Shayx doktor Luay al-Xaliliy va boshqa bir qator ulamolar esa, telefonda Qur’on ilovasi ochiqlik paytida, u ham Qur’on hukmida bo‘lishi, shundan kelib chiqib, o‘sha holatda uni tahoratsiz ushlab bo‘lmasligini aytmoqdalar.

Qur’oni karimning hurmatini saqlash uchun elektron jihoz ekranida Qur’on ilovasi ochiq holda chiqib turgan bo‘lsa, sahifalarni o‘tkazishda betahorat qo‘l bilan ushlamagan ma’qul. Ammo, telefonning maxsus qalami yoki biror vosita yordamida tahoratsiz sahifalarni o‘tkazish mumkin.

Chunki “Tabyinul-haqoiq” kitobida quyidagicha keltirilgan:

يجوز للمحدث الذي يقراء في المصحف تقليب الاوراق بقلم او سكين 

ya’ni: "Tahoratsiz Qur’on o‘qiyotgan kishi varoqlarni qalam yoki pichoq yordamida ochishi mumkin". (1-juz, 166-bet). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar