Har yil Ramazonda zakot beradigan odam 2019 yil dekabr oyida o‘ziga tegishli do‘konni sotuvga qo‘yib, 2020 yil mart oyida sotdi. Endi 2020 yil Ramazonda zakot berayotganda bu do‘kon savdosidan kelgan pulni ham qo‘shib zakot chiqaradimi yoki bu pul bir yil aylangandan keyin zakot vojib bo‘ladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Agar mazkur sotilgan do‘konning pulini qo‘shmasdan oldin ham mablag‘ingiz nisobga yetarli bo‘lsa, unga do‘konning sotuvidan tushgan pulni ham qo‘shib zakot berasiz. Agar sizning mablag‘ingiz faqatgina mazkur do‘konning pulidan iborat bo‘lsa, undan bir yil o‘tgandan so‘ng zakot vojib bo‘ladi.
Bu haqida fiqhiy manba’larimizda shunday deyiladi:
( الْمُسْتَفَادُ أَثْنَاءَ الْحَوْلِ مِنْ جِنْسِ النِّصَابِ يُضَمُّ إلَيْهِ ) يَعْنِي أَنَّ مَنْ كَانَ لَهُ نِصَابٌ فَاسْتَفَادَ فِي أَثْنَاءِ الْحَوْلِ مِنْ جِنْسِهِ ضَمَّهُ إلَيْهِ وَزَكَّاهُ بِهِ (درر الحكام شرح غرر الأحكام)
Ya’ni: “(Yil davomida muayyan nisob jinsidan orttirilgan narsalar o‘z jinsiga qo‘shiladi). Ya’ni, nisobning biror turiga ega bo‘lgan kishilar yil mobaynida mazkur nisob jinsidan mol orttirsalar, o‘sha nisobga qo‘shib zakot beradilar” (“Durarul hukkom” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.