Bir yaqinimning otasi olamdan o‘tdi. Unga hamdardlik bildirish uchun qanday yo‘l tutishim kerak, qanday salovat aytib mushkulini oson qilsam bo‘ladi? Oldindan katta rahmat.
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Dinimizda yaqinlarining birortasi vafot etgan kishiga hamdardlik bildirish savobli ishlardandir. Marhumning haqqiga duo qilib, istig‘for aytish, turli ehson va tilovatlar qilib, savobini bag‘ishlash mumkin. Bu haqida Qur’oni karimda shunday deyiladi:
وَالَّذِينَ جَاءُوا مِنْ بَعْدِهِمْ يَقُولُونَ رَبَّنَا اغْفِرْ لَنَا وَلِإِخْوَانِنَا الَّذِينَ سَبَقُونَا بِالْإِيمَانِ وَلَا تَجْعَلْ فِي قُلُوبِنَا غِلًّا لِلَّذِينَ آَمَنُوا رَبَّنَا إِنَّكَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ
ya’ni: “Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey, Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!” (Hashr surasi, 10-oyat).
Hadis sharifda ta’ziya bildirish haqida shunday deganlar:
من عزى مصابا فله مثل أجره ( رواه الامام الترمذي وابن ماجه عن عبد الله بن مسعود رضي الله عنه)
ya’ni: “Kim musibatga uchraganga ta’ziya bildirsa, unga ham musibatga uchraganning savobicha ajr bor” (Imom Termiziy va Imom Ibn Moja rivoyatlari).
من عزى ثكلى كسي بردا في الجنة ( رواه الامام الترمذي عن أبي برزة رضي الله عنه)
ya’ni: “Kim farzandidan ajralgan ayolga ta’ziya bildirsa, unga jannatda (katta) ko‘ylak kiydiriladi” (Imom Termiziy rivoyatlari).
“Fatovoi hindiya” kitobida ta’ziya haqida quyidagi fatvolar keltirilgan:
التَّعْزِيَةُ لِصَاحِبِ الْمُصِيبَةِ حَسَنٌ ، كَذَا فِي الظَّهِيرِيَّةِ ، وَرَوَى الْحَسَنُ بْنُ زِيَادٍ إذَا عَزَّى أَهْلَ الْمَيِّتِ مَرَّةً فَلَا يَنْبَغِي أَنْ يُعَزِّيَهُ مَرَّةً أُخْرَى ، كَذَا فِي الْمُضْمَرَاتِ .وَوَقْتُهَا مِنْ حِينِ يَمُوتُ إلَى ثَلَاثَةِ أَيَّامٍ وَيُكْرَهُ بَعْدَهَا إلَّا أَنْ يَكُونَ الْمُعَزِّي أَوْ الْمُعَزَّى إلَيْهِ غَائِبًا فَلَا بَأْسَ بِهَا وَهِيَ بَعْدَ الدَّفْنِ أَوْلَى مِنْهَا قَبْلَهُ وَهَذَا إذَا لَمْ يُرَ مِنْهُمْ جَزَعٌ شَدِيدٌ فَإِنْ رُئِيَ ذَلِكَ قُدِّمَتْ التَّعْزِيَةُ وَيُسْتَحَبُّ أَنْ يَعُمَّ بِالتَّعْزِيَةِ جَمِيعَ أَقَارِبِ الْمَيِّتِ الْكِبَارِ وَالصِّغَارِ وَالرِّجَالِ وَالنِّسَاءِ إلَّا أَنْ يَكُونَ امْرَأَةً شَابَّةً فَلَا يُعَزِّيهَا إلَّا مَحَارِمُهَا ، كَذَا فِي السِّرَاجِ الْوَهَّاجِ .وَيُسْتَحَبُّ أَنْ يُقَالَ لِصَاحِبِ التَّعْزِيَةِ : غَفَرَ اللَّهُ تَعَالَى لِمَيِّتِكَ وَتَجَاوَزَ عَنْهُ وَتَغَمَّدَهُ بِرَحْمَتِهِ وَرَزَقَكَ الصَّبْرَ عَلَى مُصِيبَتِهِ وَآجَرَكَ عَلَى مَوْتِهِ ، كَذَا فِي الْمُضْمَرَاتِ نَاقِلًا عَنْ الْحُجَّةِ .وَأَحْسَنُ ذَلِكَ تَعْزِيَةُ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ { إنَّ لِلَّهِ مَا أَخَذَ وَلَهُ مَا أَعْطَى وَكُلُّ شَيْءٍ عِنْدَهُ بِأَجَلٍ مُسَمًّى } وَيُقَالُ فِي تَعْزِيَةِ الْمُسْلِمِ بِالْكَافِرِ أَعْظَمَ اللَّهُ أَجْرَكَ وَأَحْسَنَ عَزَاءَكَ وَفِي تَعْزِيَةِ الْكَافِرِ بِالْمُسْلِمِ أَحْسَنَ اللَّهُ عَزَاءَكَ وَغَفَرَ لِمَيِّتِكَ وَلَا يُقَالُ أَعْظَمَ اللَّهُ أَجْرَكَ ... ، كَذَا فِي السِّرَاجِ الْوَهَّاجِ .
ya’ni: “Musibat egasiga ta’ziya bildirish yaxshi (savobli) ishdir (“Zahiyriya” kitobi). Hasan ibn Ziyod rahimahulloh (Imom Abu Hanifadan) rivoyat qiladilar: “Kim mayyitning ahliga bir marta ta’ziya bildirgan bo‘lsa, ikkinchi marta yana ta’ziya bildirishi lozim bo‘lmaydi (“Muzmarot” kitobi)”. Ta’ziyaning vaqti vafot etgandan toki uch kungacha. Undan keyin ta’ziya bildirish makruh bo‘ladi. Lekin ta’ziya bildiruvchi yoki ta’ziyani qabul qiluvchi (safar yoki boshqa sababli ta’ziya kunlarida) yo‘q bo‘lsa, uch kundan keyin ham ta’ziya bildirsa, zarari yo‘q. Ta’ziya dafndan keyin bo‘lishi dafndan avval bo‘lishidan yaxshiroq. Bu mayyitning yaqinlarida qattiq jazava (bezovtalik, sabrsizlik) kuzatilmaganda bo‘ladi, agar qattiq jazava bo‘lsa, ta’ziya dafndan avval bildiriladi. Ta’ziyani mayyitning barcha yaqinlari; katta, kichik, erkak va ayolga bildirish mustahabdir. Lekin yosh ayolga faqat mahramlarigina ta’ziya bildiradi (“Sirojul vahhoj” kitobi). Ta’ziya egasiga quyidagi so‘zlarni aytish mustahab: “Mayyitingiz (otangiz yo onangiz)ni Alloh mag‘firat qilsin, gunohlaridan kechsin, rahmatiga olsin. Sizga uning vafoti sabab sabr va ajr bersin” (“Muzmarot” kitobi). Eng yaxshisi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning ta’ziyalaridir:
إنَّ لِلَّهِ مَا أَخَذَ وَلَهُ مَا أَعْطَى وَكُلُّ شَيْءٍ عِنْدَهُ بِأَجَلٍ مُسَمًّى
ya’ni: “Albatta, olgani ham, bergani ham Allohnikidir. Uning huzurida hamma narsa o‘lchovlidir”. Musulmon kishining kofir (musulmon bo‘lmagan, g‘ayridin) qarindoshi vafot etsa: “Alloh ajringizni ulug‘ qilsin, azangizni chiroyli qilsin”, – deyiladi. Kofir kishining musulmon qarindoshi vafot etsa: “Alloh azangizni chiroyli qilsin, mayyitingizni mag‘firat qilsin”, – deyiladi. Unga, Alloh ajringizni ulug‘ qilsin, deyilmaydi (“Sirojul vahhoj” kitobi)” (“Fatavoi hindiya”, Namoz kitobi, 21-bob “Janoiz”). "Raddul muhtor" kitobida "Navodir" kitobidan rivoyat qilib shunday deyiladi:
جَارٌ يَهُودِيٌّ أَوْ مَجُوسِيٌّ مَاتَ ابْنٌ لَهُ أَوْ قَرِيبٌ يَنْبَغِي أَنْ يُعَزِّيَهُ وَيَقُولَ أَخْلَفَ اللَّهُ عَلَيْك خَيْرًا مِنْهُ وَأَصْلَحَك
ya’ni: "Yahudiy yoki majusiy qo‘shnining o‘g‘li yoki qarindoshi vafot etsa, unga shunday ta’ziya bildirish kerak bo‘ladi: "Alloh senga bundan yaxshisi (ya’ni, musulmon farzand)ni bersin va seni (Islom bilan) isloh qilsin".". Demak, Islomda moddiy qiyinchilikka uchragan kishilarga yordam berish qanchalik muhim bo‘lsa, ma’naviy jihatdan mushkil ahvolga tushganlarga ham tasalli berish, ta’ziya bildirish shunchalik ahamiyatli. Bunday amallar dinimizning o‘zaro hamkorlik, hamdardalik va muhabbat ustiga qurilganini bildirib turadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.