Bismillahir Rohmanir Rohim.
“Tahiyyatul masjid” namozi masjid salomi ma’nosida ado etiladigan nafl namozi hisoblanadi. Tahiyyatul masjid namozini masjidga kirgan kishi o‘tirmasdan oldin o‘qishi sunnat hisoblanadi. Mabodo o‘tirib olgan bo‘lsa ham turib o‘qiyveradi. Bu namoz ikki rakat bo‘lib, ko‘pchilik ulamolar mustahab deganlar. Bu namozda ma’lum suralarni o‘qish shart qilinmagan. U quyidagi paytlarda o‘qilmaydi:
- Kunning uch mahalida ya’ni, quyosh chiqayotgan, qiyomga (tikkaga) kelgan va botayotgan vaqtlarda;
- Asr namozini adosidan keyin Shom namozini o‘qib bo‘lguncha;
- Bomdod namozini vaqti kirgandan boshlab quyosh chiqqunigacha;
- Imom xutba o‘qiyotgan paytda;
- Hayit kuni quyosh chiqqandan keyin ham to hayit namozi o‘qilgunigacha (manba: “Inoya sharhi Hidoya” kitobi).
Yuqoridagi tahiyyatul masjid namozi o‘qib bo‘lmaydigan holatlarda masjidga kirgan kishi, “Subhaanallohi, valhamdu lillahi, va laa ilaha illallohu vallohu akbar. Allohumma solli vasallim ’ala nabiyyinaa Muhammad”ni aytsa masjid haqqini ado qilgan bo‘ladi.
Bundan boshqa barcha vaqtlarda masjidga kirgan kishi tahiyyatul masjid namozini o‘qisa katta savob oladi.
Agar masjidga kirsa, jamoat sunnat yoki farzni boshlagan bo‘lsa, tahiyyatul masjid namozini o‘qimay sunnat yoki farz namoziga kirishadi. Shu bilan tahiyyatul masjidni ado qilish zimmasidan soqit bo‘ladi (manba: “Raddul muhtor” kitobi).
Tahiyyatul masjid namozi haqida hadisi sharifda shunday keladi:
عَنْ أَبِي قَتَادَةَ السَّلَمِيِّ رَضِيَ اللّهُ عَنْهُ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: "إِذَا دَخَلَ أَحَدُكُمُ الْمَسْجِدَ فَلْيَرْكَعْ رَكْعَتَيْنِ قَبْلَ أَنْ يَجْلِسَ" (مُتَّفَقٌ عَلَيْهِ).
ya’ni: Abu Qatoda raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda “Payg‘ambar sallallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringiz masjidga kirsa, o‘tirishdan oldin ikki rakat namoz o‘qisin”, - deganlar” (Muttafaqun alayh). Vallohu a’lam.