TAVOFNI YOKI SA’YNI SKUTERDA QILSA JOIZMI?

ID: 149

04.04.2025

28

Savol:

Haj yoki umraning tavofi va sa’yida zamonaviy ulovlarga minishning hukmi qanday?

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Haj yoki umraning tavofida va sa’yida qodir bo‘lgan kishilar piyoda yurishlari vojibdir. O‘zi yurishga qodir kishilar uzrsiz zamonaviy ulov (aravacha, skuter va boshqa)larga minib tavof yoki sa’y qilsa, vojib amalni tark qilgani sababli qo‘y so‘yishi lozim bo‘ladi. Uzrsiz ulovda tavof va sa’y qilib qo‘yganlar qaytadan piyoda tavof va sa’y qilishsa, qo‘y so‘yish shart bo‘lmaydi, jarima soqit bo‘ladi.

Ammo o‘zlari piyoda yurib tavof va sa’y qila olmaydigan shaxslar esa zamonaviy ulovlarda tavof va sa’y qilishlari joizdir. Bu bilan ularga hech qanday jarima vojib bo‘lmaydi.

Payg‘ambarimiz alayhissalom piyoda tavof va sa’y qilganlar. Faqat Vidolashuv hajida kasalliklari sababli ulovda haj qildilar.  Yurishga qodir bo‘lmasa, ulovda tavof qilish joizligi haqida quyidagi hadisi sharif kelgan:

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ -صلى الله عليه وسلم- قَدِمَ مَكَّةَ وَهُوَ يَشْتَكِى فَطَافَ عَلَى رَاحِلَتِهِ 

“Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, Payg‘ambarimiz alayhissalom Makkaga keldilar. U Zot alayhissalom bemor edilar. Ulovlari ustida tavof qildilar...” (Imom Abu Dovud rivoyatlari). 

Ummu Salama onamiz aytadilar:

شكوت إلى رسول الله صلى الله عليه و سلم أني أشتكي فقال ( طوفي من وراء الناس وأنت راكبة)

“Nabiy sollallohu alayhi vasallamga kasalligimdan shikoyat qildim. U Zot alayhissalom: “Odamlarni orqa tarafida, ulovda tavof qiling”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).

Bu hadisi sharifda ham tavof piyoda bo‘lishi vojibligiga dalil bor. Chunki ulovda tavof qilish bilan piyoda tavof qilishning farqi bo‘lmasa, Ummu Salama onamiz bunday savol bermasdilar. 

Bu masala haqida fiqh kitoblarimizda shunday deyiladi:

وَإِنْ سَعَى رَاكِبًا لِعُذْرٍ فَلَا شَيْءَ عَلَيْهِ وَبِغَيْرِ عُذْرٍ عَلَيْهِ دَمٌ كَمَا فِي الطَّوَافِ

“Agar uzr sababli ulovda sa’y qilsa, unga hech narsa vojib bo‘lmaydi. Uzrsiz ulovda sa’y qilsa, qon vojib bo‘ladi. Tavofda ham hukm shunday” (“Tabyinul haqoiq”).

وان كان قادرا على المشى بنفسه فحمل أو ركب يلزمه الدم لان السعي بنفسه عند القدرة على المشى واجب فإذا تركه فقد ترك الواجب من غير عذر فيلزمه الدم كما لو ترك المشى في الطواف من غير عذر

“Agar o‘zi yurishga qodir bo‘lsayu uni ko‘tarib olishsa yoki ulovga minsa, qon vojib bo‘ladi. Chunki yurishga qodir bo‘lgan kishining o‘zi sa’y qilishi vojibdir. Yurishni tark qilsa, uzrsiz vojibni tark qilgan bo‘ladi. Bunday holatda esa qon vojib bo‘ladi. Tavofda ham hech qanday uzrsiz piyoda yurishni tark qilsa, hukm shunday (ya’ni qon vojib bo‘ladi)” (“Badoi’us sanoi’”).

Hozirgi kunda ham haj va umra ibodatlarini qilish davomida o‘zlari yurishga qodir bo‘lsalarda, turli zamonaviy ulovlarga o‘tirib oladigan kishilarni ko‘ramiz. Ular aslida yuqorida aytilgani kabi o‘zlari yurib tavof va sa’y qilishlari shart. Aks holda bir qo‘y so‘yib yoki tavof va sa’yni qayta qilib, bu xatoni to‘g‘rilashlari kerak bo‘ladi.

Gohida ba’zi kishilar o‘zi yura oladigan ota-onalari, hatto xotinlarini ko‘tarib olganlarini ko‘ramiz. Bu ishlari bilan ota-onalari va juftlarining ibodatini nuqsonli qilib qo‘yadilar. Lekin ota ona o‘zi yura olmasa, ularni ko‘tarib olishlari joiz. Qolaversa, o‘zlari yura oladigan ota-ona va ayollar ularni ko‘tarmoqchi yoki zamonaviy ulovlarga mindirmoqchi bo‘lganlarga rad javobini berishlari kerak. Chunki oqibatda ularning ibodatlari nuqsonli bo‘lib qoladi va jarima ularning zimmasiga tushadi. Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar