Tashriq kunlarida avvalgi qazo bo‘lgan namozlarimni o‘qisam, ulardan keyin ham takbiri tashriq aytishim kerakmi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Bu masalaga fuqaholarimiz quyidagicha javob berganlar:
وَمَنْ نَسِيَ صَلَاةً مِنْ أَيَّامِ التَّشْرِيقِ فَذَكَرَهَا فِي أَيَّامِ التَّشْرِيقِ مِنْ تِلْكَ السَّنَةِ قَضَاهَا وَكَبَّرَ ، كَذَا فِي الْخُلَاصَةِ . وَإِذَا فَاتَتْهُ صَلَاةٌ قَبْلَ هَذِهِ الْأَيَّامِ فَقَضَاهَا فِيهَا لَا يُكَبِّرُ وَكَذَا لَوْ فَاتَتْهُ صَلَاةٌ فِي أَيَّامِ التَّشْرِيقِ فَقَضَاهَا فِي غَيْرِ أَيَّامِ التَّشْرِيقِ أَوْ قَضَاهَا فِي أَيَّامِ التَّشْرِيقِ مِنْ قَابِلٍ لَا يُكَبِّرُ عَقِيبَهَا
"Bir kishi tashriq kunlarida namozni unutsa (qazo qilsa) va qazosini o‘sha yilgi tashriq kunlarida o‘qisa takbiri tashriq aytadi. "Xulosatul fatavo"da ham shunday zikr qilingan. Agar tashriq kunlarida avvalgi qazo bo‘lgan namozini o‘qisa, uning ortidan takbiri tashriq aytmaydi. Shuningdek, tashriq kunlarida biror namozni unutib, qazo qilib qo‘ysa va bu namozni tashriq kunlaridan boshqa kunlarda o‘qisa yoki kelasi yilgi tashriq kunlarida o‘qisa, ushbu namozlardan keyin takbiri tashriq aytmaydi" ("Fatovoi hindiya" kitobi).
Demak, siz tashriq kunlari avvalgi qazo namozlarni o‘qimoqchi bo‘lsangiz, ulardan keyin takbiri tashriq aytmaysiz. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.