Men Qurʼonni 1 poradan oshiqroq yodlaganman. Men doim oʻylayman, Allohdan soʻrayman Qurʼoni toʻliq yodlab Alloh menga chiroyli ovoz bersa tarovehlarga o'tib chiroylik qiroat qilib bersam men sabablik insonlarni qalbiga Qur'on joylansa va insonlar Qurʼonni sevib yoqtirib davomli ravishda oʻqishlariga sababchi boʻlsam deyman. Misol uchun, shayx Yasser Dossary Mu'minun surasini juda chiroyli ohangda qiroat qilgan va shayh Luhaidan kabi qori Furqon surasini chiroyli qiroat qilishi. Men birinchi shularni shu oʻqigan surasini telefonimga yuklab davomli ravishda eshitaman va men oʻylaymanki avvalo Alloh shularni sababchi qilib, shularni eshitib hozirda katta suralardan oyatlar yodlab qo'ydim. Shu fikrim nafsim uchunmi yoki Alloh uchunmi? Oldindan rahmat
Sizdagi bu maqsad juda ham savobli va ulug‘ ishdir. Bu savolni o‘zingizga berishingizning o‘ziyoq qalbingizda ixlosga bo‘lgan kuchli intilish va riyodan qo‘rqish alomati borligini ko‘rsatadi. Islomdagi barcha amallarning qabul bo‘lishi niyatlarga bog‘liqdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Albatta, amallar niyatga bog‘liqdir. Albatta, har bir kishiga niyat qilgan narsasi bo‘ladi...» (Muttafaqun alayh) deganlar.
Sizning niyatingiz, agar Allohning Kalomini yoyish, insonlarga uni sevdirish, ularning qalbiga Qur’on muhabbatini solish va shu orqali Allohning roziligini topish bo‘lsa, bu – eng ulug‘ niyatlardan sanaladi.
Shu bilan birga, ulamolar nafsning juda nozik va yashirin vasvasalaridan doimo ogoh bo‘lishga chaqirganlar. Chiroyli ovoz, odamlarga imom bo‘lish, ularning maqtoviga sazovor bo‘lish istagiga ujb, ya’ni o‘zidan g‘ururlanish va riyo aralashib qolishi mumkin. Sizning vazifangiz – doimo niyatingizni yangilab, tekshirib turishdir. Qalbingizni taftish qiling: agar odamlar sizni maqtasa xursand bo‘lib, e’tibor bermasa xafa bo‘ladigan bo‘lsangiz, bunda nafsning hissasi bor.
Ammo sizning asosiy maqsadingiz odamlarning maqtovi emas, Allohning roziligi bo‘lsa, "Ey Robbim, ovozimni go‘zal qil, toki bandalaring Sening Kalomingni eshitib, qalblari yumshasin va Senga yaqinlashsin, meni bu uchun bir vosita qil" deb duo qilsangiz, bu ayni ixlosdir.