Assalomu aleykum. Men qiz bolaman va bir yigit uchun duo qilsam bo‘ladimi. Ya’ni u yigit huddi mening niyat qilganimdek. U har tomonlama aql, bo‘y-bast, chiroy, moddiy tomon, ibodat, diniy va dunyoviy ilmlarda mendan ancha ustun.U meni tanimaydi. Men o‘zimni undan juda past hisoblayman. Allohdan meni unga har tomonlama munosib qil, uni menga xayrli qil va ikkimizning taqdirimizni nikoh bilan bog‘la, deb tahajjud namozida duo qilsam bo‘ladimi? Axir men o‘zimni past, uni yuqori hisoblaganim bilan, Alloh oldida barchamizning darajamiz birku. Javob uchun oldindan raxmat.
Muayyan bir insonning haqqiga duo qilib, uni turmush o‘rtog‘i bo‘lishini so‘rash joiz. Sizning tahajjud namozlarida o‘zingiz munosib deb bilgan insoningizni so‘rab, "Allohim, meni unga har tomonlama munosib qil, uni menga xayrli qil va ikkimizning taqdirimizni nikoh bilan bog‘la", deya duo qilishingizning hech qanday moneligi yo‘q. Zero, banda o‘zining hojatlarini faqatgina Alloh taolodan so‘raydi. Allohning huzurida barcha bandalar barobardir va U zot har ishga qodirdir.
Shu bilan birga, ulamolar duoning umumiyroq bo‘lishi afzal ekanini ta’kidlashadi. Masalan, "Allohim, menga solih juft ato et" deb duo qilishda Allohning tanloviga butunlay tavakkal qilish va ishni Unga topshirish fazilati bor. Chunki inson o‘zi uchun nima xayrli va nima yomon ekanini doim ham bilavermaydi. Agar muayyan bir kishini so‘rashda davom etilsa, duoga "agar unda men uchun xayr bo‘lsa" degan shartni qo‘shib qo‘yish maqsadga muvofiqdir. Bunda ham Allohning ilmi va irodasiga taslim bo‘lish ifodalanadi.