Tamattu’ haji qilayotgan ayol umra niyati bilan ehromga kirishdan oldin yoki kirgandan keyin hali umrasini qilmay turib hayz ko‘rib qolsa va uning hayzi to zul-hijjaning sakkizinchi kuniga qadar davom etsa, nima qiladi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ayol kishi tamattu’ niyatida miyqotdan umra qilishga ehrom bog‘lab, umra arkonlarini ado qilishdan ilgari hayz ko‘rib qolsa va haj amallari boshlangunicha hayzdan pok bo‘lmasa, sochining uchidan bir bo‘g‘in kesib, umra ehromidan chiqib, haj uchun ehrom bog‘laydi va haj amallarini bajarib bo‘lgach, umraning qazosini ado qiladi. Lekin umra uchun birinchi bog‘lagan ehromidan umrani qilmay chiqqani uchun zimmasiga qon vojib bo‘ladi va uning haji tamattu’ emas, ifrod bo‘ladi. Shuning uchun unga tamattu’ uchun so‘yiladigan qo‘y vojib bo‘lmaydi. (“Fathul mulhim” kitobi).
Qazo umrani qilish uchun Haram hududidan tashqaridagi “Hil”ga chiqib, ya’ni “Masjidi tan’im” (“Masjidi Oisha”) yoki “Ji’rona” kabi miyqotlardan biriga borib, hayz holatida qila olmagan umrasining qazosini niyat qilib, ehromga kiradi va talbiya aytadi. Keyin Ka’batullohni yetti marta tavof va safo-marvada yetti marta sa’y qilib, sochining uchidan bir bo‘g‘inini kesib, qazo umraning ehromidan chiqadi. Birinchi ehromidan umra qilmay chiqqani uchun haram hududida qo‘y so‘ydiradi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.