TA’LIQ TALOQ HAQIDA

ID: 781

04.04.2025

393

Savol:

Men maktabda dars beraman. O‘quvchilarim uyga ham dars olgani kelishar edi. Bu xo‘jayinimga yoqmadi. Meni uyda dars o‘tma, deb ogohlantirdilar. Lekin o‘quvchilarimni imtihonlari borligi uchun ozgina qolganda arosatda qolishmasin, deb darsimni o‘tib turgan edim. Bir kuni ishdan kelib buni bilib qoldilar va jahl ustida "Shu eshikdan bundan keyin yana birortasi oya deb chaqirib kelsa taloqsan! Kim bo‘lsa ham", deb yubordilar. Biz buni imom domlamizga aytdik. Ular bir kishi chaqirib kelsa shart bajariladi va o‘z o‘zidan sizlarga taloq tushadi, deb aytdilar va odam kelgan yoki kelmaganligini so‘radilar. Unda kimlardir kelgandi. Va biz aniq bo‘lsin, deb yana bir o‘quvchini uyga chaqirib oya deb chaqirtirib dars o‘tdim. Keyin domlamiz chiqib bizga qayta nikoh o‘qidilar. Bunga 6 oy bo‘ldi. Undan keyin ham kimlardir uyga meni so‘rab keldi. Ularni qaytarib yubordik. Savolim keyingi kelganlar yangi nikohga ta’sir qilmaydimi? Ya’ni shart o‘z kuchini yoqotganmi shuni bilmoqchi edim.

Javob:

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Er ayolining talog‘ini biror shartga bog‘liq qilishi “ta’liq” deb yuritiladi. Er xotinining talog‘ini biror shartga bog‘liq qiladigan bo‘lsa va ana shu shart bir marta topilsa, taloq tushib, mazkur ta’liq (ya’ni erning so‘zi) o‘z kuchini yo‘qotadi. Nikoh yangilanganidan so‘ng mazkur shartning topilishi nikohga ta’sir o‘tkazmaydi.

Birgina holat bundan mustasnodir. Ya’ni agar er ayolining talog‘ini biror shartga bog‘laganda, “Har qachon" kabi doimiylikni ifoda qiluvchi so‘z ishlatgan bo‘lsa, unda shart topilgan har bir vaziyatda taloq tushaveradi. Bu borada bir qator fiqhiy kitoblarda ma’lumotlar berilgan. Jumladan “Durrul-muxtor”da shunday deyiladi:

(ﻭﻓﻴﻬﺎ) ﻛﻠﻬﺎ (ﺗﻨﺤﻞ) ﺃﻱ ﺗﺒﻄﻞ (اﻟﻴﻤﻴﻦ) ﺑﺒﻄﻼﻥ اﻟﺘﻌﻠﻴﻖ (ﺇﺫا ﻭﺟﺪ اﻟﺸﺮﻁ ﻣﺮﺓ ﺇﻻ ﻓﻲ ﻛﻠﻤﺎ ﻓﺈﻧﻪ ﻳﻨﺤﻞ ﺑﻌﺪ اﻟﺜﻼﺙ)

ya’ni: “Yuqoridagilarning barchasida shart bir marotaba topilishi bilan ta’liq botil bo‘ladi. Magar “Kullama” (“har qachon”) so‘zi bundan istisnodir. Chunki bunda ta’liq uch (taloq)dan so‘ng yechiladi.” Ya’ni o‘z kuchini yo‘qotadi.

Shunga ko‘ra sizning holatingizda eringiz tomonidan qo‘yilgan shart bir marotaba topilganda ta’liq o‘z kuchini yo‘qotgan va yangi nikohingizga eski ta’liqning aloqasi yo‘q.

Er-xotinlardan har birlari o‘zlarining zimmalaridagi huquq va majburiyatlarini bilib olishlari zarurdir. Ko‘pincha o‘zlarining huquq va majburiyatlarini bilmasliklari oqibatida oilaviy mojarolar kelib chiqadi. Erning ayoli ustida bir qator huquqlari bo‘lgani kabi zimmasida majburiyatlari ham mavjud. Xuddi shuningdek, ayolning ham er ustida huquqlari bo‘lganidek, bir qator majburiyatlari ham bor. Ayol erning uyi va uning molu-mulkiga omonatdordir. Farzandlarining tarbiyasidan mas’uldir. Erning uyiga uning iznisiz begonalarni kiritishi aslo mumkin emas. Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda payg‘ambarimiz alayhissalom aytadilar:

 ( لَا يَحِلُّ لِلْمَرأَةِ أَن تَصُومَ وَزَوجُهَا شَاهِدٌ إِلاَّ بِإِذنِهِ ، وَلَاْ تَأْذَن فِي بَيتِهِ إِلاّ بِإِذنِهِ ) رواه البخاري عن أبي هريرة رضي الله تعالى عن

ya’ni: “Eri hozir bo‘lgan xotin (nafl) ro‘za tutishi halol emas. Magar eri ruxsat yersa mumkin. Erning uyiga (begonaga) kirish uchun izn  berishi mumkin emas. Magar erining ruxsati bilan kirishga ruxsat berishi mumkin” (Imom Buxoriy rivoyatlari). Vallohu a’lam.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi  Fatvo markazi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi

Mavzular

Eng ko‘p o‘qilgan savollar