Talbiya aytish qachon to‘xtatiladi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Umra uchun ehrom bog‘lagan kishi ehromni niyat qilishi bilan talbiya aytishni boshlaydi va tavofni boshlaganda talbiyani to‘xtatadi. Ba’zida tavof qilayotgan vaqtda yoki say’ qilayotgan vaqtda ham talbiya aytayotgan hojilarga ko‘zimiz tushadi. Talbiya aytish borasida Hanafiy mazhabimizning mo‘tabar manbalarida quyidagicha bayon qilingan:
ويَقْطَعَ التَّلْبِيَةَ في أَوَّلِ طَوَافِهِ باستلام الحجر الأَسود، ونَحْوهِ مِن أَنواعِ شُرُوعِهِ، لا عند مُشَاهَدتِهِ للبيتِ كما قال مالك
"Niyat qilib ehromga kirgandan so‘ng talbiya aytishni boshlaydi va umra uchun ehrom bog‘lagan kishi Imom Molik rahimahulloh aytganlaridek Ka’bai muazzamaga ko‘zi tushishi bilan emas, balki tavofni boshlashi bilan talbiya aytishni to‘xtatadi" ("Fathu bobil Inoya" va "Hidoya" kitoblari).
ويقطع التلبية في العمرة حين يستلم الحجر الأسود عند أول شوط من الطواف بالبيت
"Umrada avvalgi tavof vaqtidagi Hajarul asvadni istilom qilganda talbiya aytishni to‘xtatadi" ("Mabsut ash-Shayboniy" kitobi).
Haj uchun ehrom bog‘lagan kishi esa talbiyani tosh otishni boshlagan paytda to‘xtatadi.
ويقطع التلبية مع أول حصاة يرمى بها جمرة العقبة
"Haj uchun ehrom bog‘lagan kishi Jamaratul Aqabaga birinchi toshni otishi bilan talbiya aytishni to‘xtatadi ("Badoyeus Sanoi’", "Mabsut ash-Shayboniy", "Mabsut as-Saraxsiy", "Fath al-Qodir", "Majmaul Anhur" kitoblari).
Demak, umra uchun ehrom bog‘lagan kishi tavofni boshlashi bilan, haj uchun ehrom bog‘lagan kishi Jamaratul Aqabaga birinchi toshni otishi bilan talbiya aytishni to‘xtatadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.