Assalomu alekum mening savolim shundaki takbiri tahrimada qo'lni ya'ni bosh barmoqni quloq yumshog'iga tekkizish joizmi? va qanday tekkiziladi? shu haqida gapirib bersangiz
Bismillahir Rohmanir Rohim. Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilib, qo‘lning bosh barmog‘i quloqning yumshog‘iga yetkaziladi va takbiri tahrima – “Allohu akbar” lafzini aytib namozga kiriladi. Qo‘llar ko‘tarilganda kaftning ichki tomoni Qiblaga qaratilib, barmoqlar biroz ochilgan holatda bo‘ladi. Namozga kirishda qo‘llar quloq barobarigacha ko‘tarilishi haqida bir qancha hadislar kelgan bo‘lib, quyida ulardan ba’zilarini keltiramiz:
عَنْ وَائِلِ بْنِ حُجْرٍ رضي الله عنه،"أَنَّهُ رَأَى النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ، رَفَعَ يَدَيْهِ حِينَ دَخَلَ فِي الصَّلَاةِ كَبَّرَ، وَضَعَهُمَا حِيَالَ أُذُنَيْهِ" (رواه الإمام مسلم)
ya’ni: “Voil ibn Hujr raziyallohu anhu: “Men Nabiy sallallohu alayhi vasallamni namozga kirishda takbir aytib, qo‘llarini ko‘tarib, quloqlari barobariga ko‘targanlarini ko‘rdim”, – dedilar (Imom Muslim rivoyati).
عَنْ مَالِكِ بْنِ الْحُوَيْرِثِ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ: أَنَّ رَسُولَ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ كَانَ إِذَا كَبَّرَ رَفَعَ يَدَيْهِ حَتَّى يُحَاذِيَ بِهِمَا أُذُنَيْهِ" (رَوَاهُ الإمَامُ مُسلمٌ)
ya’ni: “Molik ibn Huvayris raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam qachon (namozga kirish uchun) takbir aytsalar, ikki qo‘llarini quloqlari barobariga ko‘tarar edilar” (Imom Muslim rivoyati).
عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ إِذَا إِفْتَتَحَ الصَّلاَةَ كَبَّرَ ثُمَّ رَفَعَ يَدَيْهِ حَتَّى يُحَاذِيْ إِبْهَامَيْهِ أُذْنَيْهِ (رواه الإمام الحاكم والإمام الدارقطني).
ya’ni: Anas ibn Molik raziyallohu anhu rivoyat qilinadi: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam namozga kirishda takbir aytib, ikki bosh barmoqlarini quloqlari barobarigacha ko‘tarar edilar” (Imom Hokim va Imom Doraqutniy rivoyatlari).
Ulamolarimiz: “Hadislarda kelgan “qo‘lni quloq barobariga ko‘tarish”dan maqsad – uni quloqqa tekkizishdir, chunki quloqning yumshog‘iga qo‘l tegishi qo‘lning quloq barobariga ko‘tarilganining aniq belgisidir”, – deganlar. Bu haqda “Al Bahrur-roiq sharhi kanzud-daqoiq” kitobida quyidagilar aytilgan:
وَالْمُرَادُ بِالْمُحَاذَاةِ، أَنْ يَمَسَّ بِإِبْهَامَيْهِ شَحْمَتَيْ أُذُنَيْهِ، لِيَتَيَقَّنَ بِمُحَاذَاةِ يَدَيْهِ بِأُذُنَيْهِ
ya’ni: “Hadisdagi tenglashtirishdan maqsad – ikki qo‘lni quloqlarga tenglashganiga ishonch hosil qilish uchun ikki bosh barmoqni quloqlarning yumshoq joyiga tekkiziladi”.
Namozga kirishda ikki qo‘lni quloq yumshog‘iga tekkizish haqida “Durrul Muxtor” kitobida quyidagilar aytiladi:
مَاسًا بِإِبْهَامَيْهِ شَحْمَتَيْ أُذُنَيْهِ، هُوَ الْمُرَادُ بِالْمُحَاذَاةِ، لِأَنَّهَا لَا تُتَيَقَّنُ إِلَّا بِذَلِكَ
ya’ni: “Ikki bosh barmoqni quloqlarning yumshoq joyiga tekkizgan holatda takbir aytish – hadislardagi tenglashtirishdan ko‘zda tutilgan narsa shudir. Chunki busiz tenglashganiga ishonch hosil bo‘lmaydi”.
Xulosa qilib aytganda, namozga kirishda takbiri tahrima aytiladi va unda qo‘llar quloq barobaricha ko‘tariladi. Bu hanafiy mazhabimiz ulamolarining ijtihodlari bo‘lib, bu borada Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan ko‘plab sahih hadislar rivoyat qilingan. Vallohu a’lam.