Haj yoki umrada tahoratsiz sa’y qilsa nima bo‘ladi?
Bismillahir Rohmanir Rohim.
Albatta, doim tahorat bilan yurish mustahabdir. Ayniqsa, Makkai Mukarrama va Madinai Munavvara kabi muborak maskanlarda bu ibodatga yana ham e’tiborli bo‘lish lozim.
Xoh hajning, xoh umraning sa’yi bo‘lsin unda tahoratli bo‘lish, ya’ni junublik, hayz va kichik tahoratsizlikdan pok bo‘lish vojib emas, balki sunnatdir. Chunki, sa’y amali Masjidul haramdan tashqarida bajariladi, qoidaga ko‘ra Masjidul haromdan tashqarida bajariladigan haj va umra amallari uchun tahorat shart qilinmagan.
ولا يجب فيه الطهارة عن الجنابة و الحيض سواء كان سعي عمرة او حج، لانه عبادة تؤدي لا في المسجد الحرام. والصل؛ ان كل عبادة تؤدي لا في المسجد الحرام والاصل؛ ان كل عبادة تؤدي لا في المسجد الحرام في احكام المناسك فالطهارة ليست بواجبة لها كالسعي و الوقوف بعرفة و المزدلفة و رمي الجمار بخلاف الطواف: فانه عبادة تؤدي في المسجد الحرام فكانت الطهارة واجبة فيه
Sa’yni bajarishda xoh hajning, xoh umrani sa’yi bo‘lsin, unda janobat va hayzdan pok bo‘lish vojib emas. Chunki, sa’y masjidul haromdan tashqarida bajariladigan amaldir. Qoida shuki, haj va umra amallaridan sa’y, Arafotda turish, Muzdalifada turish, shaytonga tosh otish kabi Masjidul haromdan tashqarida bajariladigan amallarda tahoratli bo‘lish vojib emas. Tavof esa bunday emas, u masjidul haromda bajarilganligi uchun unda tahoratli bo‘lish vojibdir. (“Bahrur roiq", "G‘unyatun nosik", "Fatovo Zahiriya”).
Sa’y qilayotgan kishining tahorati bexosdan buzilsa, uning zimmasiga biror kafforat vojib bo‘lmaydi. Ammo tahoratsiz sa’y qilish makruh bo‘ladi. Fatovoi Hindiya kitobida shunday deyilgan:
الطهارة من الحدث الحكمي أثناء السعي سنّة من سنن السعي. والسعي محدثا متعمدا مكروه. ومن طاف على طهارة ثم انتقض وضوؤه أثناء السعي فكمله محدثا فسعيه صحيح الفتاوى الهندية،
"Sa’y asnosida tahoratli bo‘lish sa’yning sunnatlaridan bo‘lib, qasddan tahoratsiz sa’y qilish makruhdir. Kimki, tahoratli holida sa’y qila turib, sa’y asnosida tahorati buzilsa va shu holida sa’yni oxiriga yetkazib qo‘ysa, sa’yi durust bo‘ladi (ya’ni qaytadan sa’y qilishi shart bo‘lmaydi).
Demak, tahoratli holda sa’y qilish sunnat va bunga imkon qadar e’tibor qaratish lozim. Bordiyu, sa’y asnosida tahorat buzilsa, bu jinoyat hisoblanmaydi va zimmaga biror jazoni vojib qilmaydi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.