Tahoratda yuviladigan a’zolar (yuz, qo‘l va oyoq)larni uch martadan yuvish sunnatligini eshitganman. Har bir yuvishda ularni to‘liq ishqalab yuvish sunnatmi, yoki birinchisida yaxshilab ishqalab yuvib, ikkinchi va uchinchi yuvishda suvni o‘zini quysa kifoya qiladimi?
Bismillahir rohmanir rohiym.
Bu haqida hanafiy mazhabidagi mashhur matnlarning birinchisi sanaluvchi “Muxtasarul-Quduriy”ning sharhi “Al-Lubob” kitobida shunday deyilgan: “Yuviladigan a’zolarni uch marta to‘liq suv yetadigan qilib yuvish – sunnatdir. Agar qalbi taskin topishi uchun yuvishni uch martadan ziyoda qilsa, zarari yo‘qdir". (“Al-lubob fiy sharhil-kitob”).
Bu borada “Fatovoi hujja” kitobida shunday deyiladi: “Har bir yuvishda suv a’zoning hamma joyiga tegishi kerak. Birinchi yuvishda qo‘lining bir qismi, ikkinchi yuvishda yana bir qismi quruq qoldi-yu, uchinchisida hamma joyga to‘liq suv tegdi. Bu a’zolarni uch martadan yuvdi, deyilmaydi. Sunnat bajarilgan bo‘lmaydi”. (“Muzmarot”).
Demak, har bir a’zoni yuvganda har safar uning hamma joyiga suv to‘liq tegishi kerak. Ana shunda uch marta yuvish sunnati ado bo‘ladi.
Bundan tashqari “Fatovoi Olamgiriyya” kitobida shunday zikr qilingan: “A’zolarni to‘liq yuvish deganining mazmuni suv a’zoga tegishi, oqishi va a’zodan tomishi bilan bo‘ladi (“Xulosa” kitobi). “Uch martadan yuviladigan a’zolar – qo‘l, yuz va oyoqdir. («Al-Muhiyt» kitobi). A’zolarni bir marta mukammal qilib yuvish farz bo‘ladi. (“Zahiriyya” kitobi). Keyingi ikkitasi sunnati muakkada hisoblanadi. Sahih gap shu (“Javharatun nayyira” kitobi)”.
Ishqalash masalasiga kelsak, bu haqida “Fatovoi Olamgiriyya” kitobida shunday deyilgan:
وَمِنْ الْأَدَبِ دَلْكُ أَعْضَائِهِ
Ya’ni: “Tahoratda yuviladigan a’zolarini ishqalash odob-mustahab amallardandir”.
Demak, tahoratda yuvilishi lozim bo‘lgan a’zolarni bir marta yaxshilab yuvish farzdir. Ikkinchi va uchinchi yuvishlar sunnati muakkada, ya’ni ta’kidlangan sunnatdir. Har bir yuvishida to‘liq suvni o‘sha a’zoning barcha qismiga yetkazish sunnat va ishqalab yuvish esa, mustahab sanalar ekan. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi.